Abbottabad: Usama bin Lodin villada qanday hayot kechirgan?

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbarining Abbottabadda kechirgan hayoti asta-sekinlik bilan oydinlashib borarkan, ayollarning qorasi hech qachon ko‘zga tashlanmagan villani bo‘ylari baland, ammo kamgapgina ikki aka-uka yuritishlari ma‘lum bo‘lgan.

Mahalliy aholining aytishicha, aka-ukalar qanchalik sovuqqon ekanliklariga qaramay, bolalarni onda-sonda shirinliklar bilan ham siylab turishgan.

Ularning shaxslari haqidagi xabarlar esa, bir-biriga zid.

Ko‘plab ommaviy-axborot vositalarida ularning ism-shariflari Arshod va Tariq Xonlar sifatida keltiriladi.

Qo‘shnilaridan birining aytishicha, ular o‘zlarini Pokiston shimoli-g‘arbidagi Charsaddadan ekanliklari, iqlimi yaxshi bo‘lgani uchun Abbottabadga ko‘chib kelgan uy sohiblari, deb tanishtirishgan.

Sathga borayotgan jurnalistlarning soni ortib borar ekan, oddiy aholi ham qal‘asifat ushbu villaning sirli sohiblari bilan munosabatlari haqida gapirib bera boshlashgan.

Ammo ulardan hech biri villada uzun bo‘yli, qora soqolli xorijlikka ko‘zlari tushganini aytishmagan.

Mahalliy aholi shundoqqina yonginalarida Usama bin Lodindek nihoyatda qidiruv ostida bo‘lgan shaxs yashaganidan bexabar ko‘rinishadi.

Villa

Tikanli sim o‘rnatilgan baland devorlar bilan o‘rab olinganiga qaramay, villa aholi yashaydigan uchta mavze o‘rtasida joylashgan.

Qo‘shnilarining so‘zlariga quloq tutilsa, villadagilar mahalliy aholi bilan deyarli munosabatda bo‘lishmagan.

Ularning hech kimga qo‘shilmaslikka harakat qilishlari shunchalik ochiq-oydin ekanligidan alal-oqibat aksariyat qo‘shnilari o‘z hollariga qo‘yishgan.

Villadagilar to‘y yoki boshqa marosimlarda ham deyarli ko‘rinish berishmagan.

Hindistonlik jurnalistlardan birining Usama bin Lodinning qo‘shnilariga tayanib xabar berishicha, hatto, kriket o‘ynayotgan bolalarning to‘pi villaga tushib ketgan paytda ham uni olishga izn berilmagan.

Villadagilar haqida turli gap-so‘zlar ham urchiy boshlagan. Mahalliy haydovchilardan biri odamlar ularni kontrabandachilar, degan xayolga borganliklarini aytadi.

Boshqa bir shohidga ko‘ra, amerikalik harbiylar tomonidan uyushtirilgan maxsus amaliyot ortidan, hovlidan qurol-yarog‘, tilla va naqd pul olib chiqib ketilgan.

Salom va xayr

"Ular faqat, "salom" yoki "xayrli oqshom" deyish bilan cheklanishardi, xolos. Lekin, "Assalomu alaykum," desangiz, "Vaalaykum assalom," deb to‘liq alik olishardi," deydi boshqa bir qo‘shnisi.

Do‘kondorlardan biri esa, "Faqat kerakli narsalarni sotib olishardi, ular ham miq deyishmagandan keyin, men ham bir narsa deb o‘tirmasdim," deydi.

Villani uzoq vaqtdan buyon kuzatib kelgan amerikalik mulozimlar esa, ichkaridagilar axlatni hech qachon ko‘chaga olib chiqmaganliklari, ularni ichkarida, devorning tagiga ko‘mib tashlaganliklarini aytishadi. Ularga ko‘ra, villada telefon yoki internet aloqasi ham bo‘lmagan.

Mahalliy aholining aytishicha, villaga o‘q o‘tmas mashinalar kirib, chiqib yurgan. Ammo mashinalarning ortidan villa eshiklari zudlik bilan yopilardi, deydi boshqa bir qo‘shnisi.

Al-Arabiya televizion kanalidagi chiqishida boshqa bir qo‘shnisi, "Villadagilarning mehribon odamlar bo‘lishgani, ahvollari nochor bo‘lganlarga toza ichimlik suvi va oziq-ovqat tarqatishgani, Ramazon oyida odamlarni iftorga chaqirib, yaxshi ovqatlar bilan mehmon qilishgani"ni aytadi.

Ichkarida bo‘lgan bolalarning ham maktabga borgan-bormaganliklari ma‘lum emas. Mahalliy aholidan ayrimlari ular uyda o‘qitilgan, ham deyishadi.

Pochtalьon esa, har kuni villaga gazeta olib borgani va har oy, kechikmasdan oylik to‘lovi berib borilganini aytadi. U o‘zining hech qachon ichkariga kirmagani, ammo echki ortilgan mashina villaga kirib ketganiga ko‘z tushganini ham qo‘shimcha qiladi.

Mahalliy do‘kondorlardan biri esa, har hafta villaga ikkita echki keltirilgani va har kuni 10 litr sut olib kelishganini ham aytadi.

"Villadagi o‘g‘il bolalar do‘konimga shirinlik sotib olish uchun kelib turishardi, ammo ayollarga hech qachon ko‘zimiz tushmagan," deydi u.

Villaga kirishga muvaffaq bo‘lgan BBC muxbirlari esa, u yerda bolalar va kattalarga mo‘ljallangan har xil dori-darmonlarga ham ko‘zlari tushganligini aytishadi.

Pokistonning mazkur hududida asosan xos va hashamatli hovli-joylar joylashgan.

Usama bin Lodin boshpana topgan villa esa, "Vaziriston hovli," deb atalgan.

O‘tgan olti yil oralig‘ida sun‘iy yo‘ldosh vositasida olingan tasvirlardan esa, yangi-yangi qurilishlar hisobiga hovlining kengayib borganini ko‘rish mumkin bo‘lgan.