Suriyada juma namozi ortidan 'Bo‘ysunmaslik kuni' boshlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи r

Suriyadan kelayotgan xabarlarda aytilishicha, katta sondagi xavfsizlik kuchlarining hozirliklariga qaramay, muxolifat faollari juma namozi ortidan, o‘z ta‘birlarida, "Bo‘ysunmaslik kuni"ni boshlashgan.

Poytaxt Damashqning Maydon tumanida namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llangan.

Juma namozi ortidan Suriyaning boshqa shaharlarida ham namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda.

Hukumat kuchli xavfsizlik choralari ko‘rgan: tanklar safarbar etilgan va nazorat nuqtalari tashkil etilgan.

Deraa

Suriya armiyasi esa, o‘tgan bir necha kun ichida ommaviy namoyishlarga sahna bo‘lgan janubiy Deraa shahridan o‘z tanklarini olib chiqib ketgan.

Mahalliy inson huquqlari faollarining aytishlaricha, hukumat kuchlari shaharda "o‘n kunlik qirg‘in" o‘tkazishgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, askarlar qurolsiz namoyishchilarga qarshi pulemyot va merganlar miltig‘idan o‘t ochishgan.

Oddiy odamlar tomonidan olingan videolavhalar ham ularning so‘zlari rost ekaniga dalolat qiladi.

Manbalarning ma‘lumotlariga muvofiq, qariyb ikki oydan buyon davom etayotgan aksilhukumat namoyishlarida 500 dan ortiq kishi qurbon bo‘lgan. Kamida 2.500 tasi hibsga olingan.

Xorijiy jurnalistlarning faoliyat olib borishlariga ruxsat bo‘lmaganligi uchun, Suriyada nimalar yuz berayotgani haqida to‘liq ma‘lumot olishning imkoni yo‘q.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assadning hukumatiga qarshi norozilik bildirayotgan namoyishchilar ko‘proq siyosiy erkinliklar berilishi va inson huquqlarining yaxshiroq ta‘minlanishini talab etishmoqda.

Navbatdagi norozilik chiqishlarining bugun juma namozi ortidan boshlanishi kutilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, kecha kun davomida hukumat kuchlari Suriyadagi aholi yashaydigan mavzelar yaqinida to‘planishgan. Jumladan, Suriyadagi neftni qayta ishlovchi ikki yirik korxonadan biri joylashgan Baniyas shahri atrofida ham katta sondagi askarlarni ko‘rish mumkinligi aytiladi.

Tungi namoyishlar

"Assoshieyted press" axborot agentligining mahalliy aholining so‘zlariga tayanib xabar berishicha, Baniyas yaqinida askarlar tushgan avtobus, to‘rtta zirhli harbiy mashina va bir nechta tankka ko‘zlari tushgan.

Deraadagi hodisalarning takrorlanishidan qo‘rqib, yuzlab kishilarning shaharni tashlab chiqayotganligi ham aytiladi.

Mahalliy faollardan biri hukumat qo‘shinlari Baniyasda ham Deraadagiga o‘xshab ish tutishga hozirlik ko‘rayotganga o‘xshashadi, deydi.

Deraa shahri prezident Assad ommaviy namoyishlarni bostirish uchun askarlarini tashlagan 25 aprel kunidan buyon qariyb qamal holatida qolib kelayotgandi.

Harbiylar shaharda elektr ta‘minoti va telefon aloqasini uzib qo‘yishgandi.

Bundan tashqari, payshanba kun tunda yuzlab askarlar poytaxt Damashq sarhadlariga ham safarbar etilishgan.

Askarlar uylarga bostirib kirib, 300 dan ortiq kishini hibsga olishgan.

Bundan tashqari, Homs va Rastan shaharlarida ham askarlarning soni oshirilgan.

Mintaqada bo‘lgan muxbirimiz Jim Myuirning xabar berishicha, juma kuni ommaviy namoyishlarning uyushtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Suriya hukumati qo‘ldan kelgan hamma harakatini qilishi mumkin.