Alisher Usmonov - Britaniyaning ikkinchi boy odami

Image caption Alisher Usmonovning boyligi bir yilda qariyb ikki barobarga ortgan

Sunday Times ro‘znomasining bu yilgi boylar ro‘yxatida asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

"Metalloinvest" shirkati sohibi 12.4 milliard funt sterling yoki 20 milliard dollardan ko‘proq sarmoya bilan "Chelsi" futbol klubi egasi Roman Abramovichdan o‘zib ketgan.

Britaniyaning eng boy odami yana hindistonlik ishbilarmon Lakshmi Mittal bo‘lgan.

Ammo 17 milliard funt yoki qariyb 30 milliard dollarga ega ekani aytilgan "ArcelorMittal" shirkatining ijrochi direktori o‘tgan bir yil mobaynida eng ko‘p sarmoya yo‘qotgan.

Chukotkaning sobiq hokimi Roman Abramovich esa 10 milliard funt sterling yoki qariyb 16.5 milliard dollar boylik bilan bu yilgi ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egallagan.

Eng omadli biznesmen 57 yoshli Alisher Usmonov Britaniyaning eng omadli ishbilarmoni bo‘lgan.

U Sunday Times ning bu yilgi ro‘yxatida oltita o‘ringa yuqorilagan.

Ro‘yxat mualliflariga ko‘ra, uning boyligi o‘tgan bir yil ichida qariyb ikki barobarga ko‘paygan.

Alisher Usmonov asos solgan "Metalloinvest" shirkati Rossiyaning eng yirik xomashyo ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Bundan tashqari janob Usmonov Rossiyaning internet shirkati - Mail.ru ning 26.9 foiz hissalari va rossiyalik yana bir milliarder Yuriy Milner bilan birga Facebook. Inc ning 10 foiz hissalarini nazorat qiladi.

Shuningdek, Londonning "Arsenal" futbol klubining 27 foiz hissalari ham janob Usmonovga tegishli.

Namangan viloyatining Chust shahrida, prokuror oilasida tug‘ilgan Alisher Usmonov, britan matbuoti ma‘lumotlariga ko‘ra, 1980-yillarda davlat mulkini o‘g‘irlash va firibgarlikda ayblanib, olti yil qamoqda o‘tirgan.

Alisher Usmonovning himoyachilari unga qarshi ayblar sovet davrida tashkil etilgani va janob Usmonovning Mixail Gorbachev davrida tamoman oqlanganini aytishgan.

2007 yilda "Gardian" ro‘znomasi bilan suhbatda janob Usmonov na O‘zbekiston va na boshqa yerda siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini aytgan.

Alisher Usmonov Kreml uni Prezident Karimovga ehtimoliy merosxo‘r sifatida ko‘rishi haqidagi taxminlarni "o‘zini kremlshunos deb ataydiganlarning fantaziyasi" deb atagan.

U na Prezident Karimov va na uning qizi Gulnora Karimova bilan aloqasi yo‘qligini aytgan.