Oxfam: "Afg‘on armiyasi xavfsizlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor emas"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Xavfsizlikni mahalliy kuchlarga topshirish jarayoni 2014 yilga qadar davom etadi

Oxfam xalqaro xayriya tashkilotiga ko‘ra, Afg‘oniston milliy armiyasi mamlakat xavfsizligini NATOdan olishga tayyor emas.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan Oxfam Afg‘oniston milliy kuchlari hali to‘liq tayyorgarlikdan o‘tmaganini aytgan.

Xayriya tashkilotining ogohlantirishicha, agar Afg‘oniston xavfsizligi mahalliy kuchlarga topshirilsa, inson haqlarini poymol etish hollari kuchayishi mumkin.

Afg‘onistondagi xavfsizlik vaziyati 2014 yildan boshlab to‘laligicha milliy armiya ixtiyoriga o‘tadi.

Al-Qoida rahbari Usama Bin Lodinning o‘ldirilishi ortidan NATO kuchlarini mamlakatdan ertaroq olib chiqish chaqiriqlari yanada kuchaydi.

Afg‘oniston hukumati hozircha Oxfam hisobotiga rasmiy javob qaytarmagan.

O‘tgan yil Prezident Homid Karzay, "harbiy nazoratning mahalliy kuchlar ixtiyoriga o‘tishi har bir afg‘onga mamlakat kelajagiga hissa qo‘shish imkonini yaratadi," deb aytgan edi.

"Ishonch" "Yo‘qotish vaqti emas," sarlavhasi ostida nashr etilgan Oxfam hisobotida ta‘kidlanishicha, afg‘on xavfsizlik kuchlarining "professionalligi va mas‘uliyatligiga jiddiy ishonchsizlik bor".

"Mas‘uliyat mexanizmi ishlab chiqilmas ekan inson haqlarini buzish hollari kuchayishi xavfi bor," deyiladi hisobotda.

Oxfam hisob-kitobiga ko‘ra, 40 ming afg‘on politsiya xodimi tayyorgarlikdan umuman o‘tmagan.

Tashkilot oddiy fuqarolarga politsiya va askarlar ustidan shikoyat qilishning samarali tizimi yo‘qligini aytadi.

"Afg‘on xalqining xavfsizlik kuchlaridan umidi katta," deydi hisobot muallifi Rebekka Barber.

"Xalq ushbu kuchlar uni himoya qila olishi va agar tartibni buzsalar, javobgarlikka tortilishlari mumkinlinligi bilishi lozim,"

deb ilova qiladi u.

Amerikaning dastlabki qo‘shinlari iyul oyidan boshlab Afg‘onistondan chiqib keta boshlaydi.

Mart oyida AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Amerika o‘z qo‘shinlarini iyul oyidan boshlab olib chiqishga "tayyor" bo‘lishini aytgandi.