BMT Liviyadagi urushni to‘xtatishga chaqirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Misrata shahriga eltuvchi aksar yo‘llar Muammar Qaddofiy kuchlari tomonidan nazorat etilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakili Valeri Amos Liviyada gumanitar inqirozning kuchayishini oldini olish uchun janglarni to‘xtatishga chaqirdi.

Insonparvarlik masalalarida BMT muvofiqlashtiruv idorasining boshlig‘i Amos xonim BMT Xavfsizlik Kengashiga isyonkorlar nazorati ostida bo‘lgan Misrata bandargoh shahrida suv va oziq-ovqatlar yetishmayotganini bildirdi.

Shaharga eltuvchi barcha yo‘llar ikki oydan buyon Liviya rahbari Muammar Qaddofiy qo‘shinlari tomonidan nazorat etilmoqda.

Misrata shahrining o‘qqa tutilishi oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lgan.

Valeri Amos so‘zlariga ko‘ra, shaharda ayanchli vaziyatning yuzaga kelishiga bir tomondan harbiy amaliyotlar, ikkinchi tomondan Liviyaga nisbatan qo‘llanayotgan jazo choralari sabab bo‘lgan.

Qaddofiy qo‘shinlari ortga chekindi Amos xonim shuningdek O‘rta Yer dengizidagi kemalar kapitanlarini Liviyadan Ovro‘poga qayiqlarda yo‘l olgan qochqinlarga yordam berishga tayyor turishga chaqirdi.

Ayni damda Liviyadagi inyonchilar Qaddoviy qo‘shinlarini Misratadan taxminan 30 km uzoqlikka chekintirishga muvaffaq bo‘lishganini e‘lon qildilar.

Biroq, Misrata shahri hamon hukumat kuchlari raketalari yetadigan masofada turibdi.

Liviya davlat ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, NATO uchoqlari dushanba kuni Misrata va unga qo‘shni Zlitan shahridagi "harbiy va fuqaroviy hadaflarni" bombalaganlar.

Liviyada jurnalistlar faoliyatiga cheklov qo‘yilgani uchun ikki tomon da‘volarini mustaqil manbalardan tasdiqlab olish imkonsiz.

Misrata atrofini bombalashlarga oid xabarlardan tashqari Liviya poytaxti Tripoli ham havo hujumiga tutilgani haqida ma‘lumotlar kelmoqda.

Misratada vaziyat qanday?

NATO yakshanba kuni Misrata hududida havo amaliyoti o‘tkazilganini bildirdi.

Raketa-bomba hujumida hukumatga qarashli reaktiv qurilmalar, artilleriya qurollari va uch bino nishonga olingan.

Shifokorlar ma‘lumotiga ko‘ra, Misratada o‘tkazilgan harbiy amaliyot paytida kamida 300 odam halok bo‘lgan.

Frans press muxbirining xabar berishicha, isyonchilar O‘rta Yer dengizining Misratadan Tripoliga boruvchi sohilini nazorat qilmoqdalar.

O‘zini Muhammad deya tanitgan isyonchilar vakili BBCga oxirgi haftalarda Misratani bombalash ozayishi natijasida oddiy insonlar hayoti yaxshilanganini aytdi.

"Odamlar tinch hayotga qaytishmoqda. Ko‘plab oilalar o‘z uylaridan do‘konlarga chiqa boshlashdi. Ko‘plar tashlab chiqilgan uylariga qaytishmoqda", - dedi Muhammad.

Uning aytishicha, Qaddofiy raqiblarining ruhi baland va ular kurashni davom ettirmoqchilar.

Beng‘ozidagi BBC muxbiri Andrew Hardingning xabar qilishicha, isyonchilar Zlitan shahriga qurol-yaroq jo‘natishga muvaffaq bo‘lganlar va ular bu shahar aholisining bosh ko‘tarishiga umid qilmoqdalar.

Biroq, Andrew Hardingning aytishicha, buni amalga oshirish juda mushkul: Zlitan Qaddofiyga sodiq kuchlar nazorati ostida qolmoqda.