Eronning Bushehr atom stantsiyasida ilk reaktor ishlay boshladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Eron Bushehr atom stantsiyasini qurishdan maqsad energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qondirish ekanini aytadi.

35 yillik qurilishdan keyin nihoyat Eron ilk yadroviy reaktorini ishga tushirgan.

Rossiya hamkorligida qurilayotgan Bushehr atom stantsiyasining birinchi reaktori, rasmiylarga ko‘ra, minimal quvvatda ishga kiritilgan.

Bushehr stantsiyasining ishga tushirish muhlati bir necha marotiba orqaga surilgandi.

Ayni vaqtda AQSh va ayrim G‘arb davlatlari Bushehr atom stantsiyasini qurish bilan, Eron yadroviy qurol barpo etishni maqsad qilganini da‘vo etishadi.

O‘z navbatda rassmiy Tehron ushbu ayblovlarni rad etadi.

Rossiyaning "Atomstroyeksport" shirkati rasmiylariga ko‘ra, yadroviy reaktor mo‘ljallangan to‘la quvvatda ishga tushirilishiga qadar, stantsiyaning himoya va boshqaruv tizimlari sinovdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, Rossiya mutaxassislari atom stantsiyasida ishlayotgan eronlik ishchilarni o‘qitish va o‘rgatish ishlarini davom ettirishadi.

Bushehr atom stantsiyasini ishga tushirish muhlati hamda to‘lovlar bo‘yicha Tehron va Moskva orasida bir necha bor bahs-munozara yuzaga kelgan.

Tehron rasmiylari atom stantsiyasi kelishilgan muhlatda ishga tushirilmagani uchun Moskvani aybladilar.

Rossiya rasmiylari esa Eronni bajarilgan ishlar haqqini o‘z vaqtida to‘lanmaganlikda aybladilar.

Atom stantsiyasi joriy yilning aprel oyida ishga tushirilishi e‘lon qilindi.

Biroq fevral oyi yakunida Tehron rasmiylari texnik sabablar tufayli atom reaktorida ishlar to‘xtatilganini bildirdilar.

Eronning atom stantsiyasiga ega bo‘lish intilishi AQSh, Isroil va qator Ovro‘po davlatlarining keskin tanqidiga uchradi.

Vashington va uning ittifoqchilari fikrlaricha, Eron Bushehr stantsiyasini qurish bilan yadroviy qurolni qo‘lga kiritishni niyat qilgan.

Tehron esa Bushehr inshooti mamlakat uchun yangi energiya zahiralari ishlab chiqarish maqsadida qurilayotganini ta‘kidlab keladi.

Bushehr atom stantsiyasi Rossiya va xalqaro MAGATE tashkiloti nazorati ostida qurilmoqda.

Rossiya 10 yil davomida Eronga uran yoqilg‘isi yetkazib berishi ko‘zda tutilgan.

Rossiyalik mutaxasislar fikriga ko‘ra, Bushehr stantsiyasi uchun uranni to‘yintirish darajasi yadroviy qurolga ega bo‘lish imkonini bermaydi.

Ilk yadroviy reaktorini ishga tushirilgani, kuzatuvchilarga ko‘ra, Eron yadroviy dasturida yangi davr boshlaganini anglatadi.

1000 megavatt quvvatga ega Bushehr stantsiya Fors ko‘rfasi qirg‘og‘ida joylashgan.

Bushehr atom stantsiyasining qurilishi 35 yil oldin Olmoniya mutaxasislari yordamida boshlangandi.

O‘tgan asrning 90-yillarida Bushehr qurilishiga Rossiyaning "Atomstroyeksport" shirkati jalb etilgandi.