Pokistondagi Tolibon harakati 'Usama bin Lodinning o‘limi uchun qasos oldi'

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Pokiston shimoli-g‘arbida yuz bergan ikki portlash hodisasida 80 kishi qurbon bo‘lgan. Yuzdan ortiqrog‘i yaralangan.

Pokistondagi Tolibon harakati hujumga mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib, Usama bin Lodinning o‘limi uchun qasos olganliklarini aytgan.

Usama bin Lodin 2 may kuni Pokistonning shimoliy Abbottabad shahridagi hovlisida amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgandi.

Bu "Al-Qoida" tarmog‘i rahbarining halok etilishi ortidan Pokistonda kuzatilayotgan eng yirik va joriy yil hisobidan eng halokatli hujumdir.

Xabarlarga ko‘ra, hodisa yarim harbiy askarlar tayyorgarlikdan o‘tadigan markazda yuz bergan.

Shu bois ham, hujumda qurbon bo‘lganlarning aksariyati harbiy xizmatga yangi yollanganlar bo‘lishgan. Ammo, xabarlarga ko‘ra, ularning orasida tinch fuqarolar ham bor.

Hodisa tahsillarini tugatib, ta‘tilga ketayotgan askarlar avtobusga chiqayotgan paytda ro‘y bergan. Portlash oqibatida bir nechta mashina butkul vayron bo‘lgan.

Hujumda jarohat olganlar Peshovar kasalxonasiga yetkazilgan, ulardan qirqqa yaqinining ahvoli nihoyatda og‘ir ekani aytilmoqda.

Pokiston politsiyasining bildirishicha, Charsadda tumanidagi Shabqadar tayyorgarlik markazidagi qo‘shaloq portlash xudkush hujumchilar tomonidan amalga oshirilgan.

Shabqadar Afg‘oniston chegarasiga yaqin yerda, Peshovar shimoli-g‘arbidan 35 chaqirimcha uzoqlikda joylashgan. Yuz bergan portlashlar ortidan hudud o‘rab olingan.

Yarim harbiylar bo‘linmasi esa, odatda, Pokistonning qavmlar yashovchi mintaqalarida Tolibon va boshqa jangarilarga qarshi janglarga safarbar etilishgan.

Bugun mahalliy vaqt bilan kechga yaqin Pokiston Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Usama bin Lodinning o‘limi bilan bog‘liq xatti-harakatlari yuzasidan mamlakat parlamentiga hisob beradi.

O‘tgan yaqin yillar ichida butun Pokiston bo‘ylab Tolibon jangarilarining hujumlarida yuzlab kishilar qurbon bo‘lishgan.