Haaga tribunali prokurori Qaddofiy va o‘g‘lini hibsga olishni so‘ramoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Xalqaro Jinoyat Mahkamasining Bosh prokurori Luis Moreno-Okampo mahkamadan Liviya rahbari Muammar Qaddofiy hamda uning o‘g‘li Saif al-Islomni hibsga olish haqida buyruq chiqarishni so‘raganini aytdi.

Qaddofiy va o‘g‘li insoniyatga qarshi jinoyatlarda gumon qilinmoqda. Bosh prokuror, shuningdek, Liviya xavfsizlik xizmati rahbari Abdulloh al-Sanussiyni ham shu yil fevralidagi namoyishlarning zo‘ravonlik bilan bostirilishiga aloqadorlikda hibsga olish so‘ralganini ma‘lum qildi.

Unga ko‘ra, Xalqaro Jinoyat Mahkamasi olib borgan tergov Liviya rahbari polkovnik Qaddofiy o‘z fuqarolariga qarshi hujumlarga shaxsan buyruq berganini aniqlagan.

Xalqaro Jinoyat Mahkamasi mulozimi Muammar Qaddofiy o‘z hokimiyatiga har qanday xavfni muntazam ravishda bartaraf etishda atrofidagilarga suyangani haqida dalillarni qo‘lga kiritganliklarini aytdi.

'Muntazam hujumlar'

Luis Moreno-Okampo uning idorasi1200 ta hujjatlarni o‘rganib chiqqani va 50 nafar muhim shohidlar bilan suhbatlashganini aytgan.

Muammar Qaddofiy, uning o‘g‘li va xavfsizlik xizmati rahbari insoniyatga qarshi ikki turdagi jinoyat-qatl va ta‘qiblarni sodir etganlikda gumon qilinadi.

Ayblov Liviyadagi aksilhukumat namoyishlari boshlangan 15 fevraldan buyon o‘tgan vaqtni qamrab olgan.

Birgina fevral oyining o‘zida 500 dan 700 gacha odamlar o‘ldirilgan, deb ishoniladi.

Janob Moreno-Okampo o‘zining Liviyadagi vaziyatni Xalqaro Jinoyat Mahkamasiga oshirgan BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasiga muvofiq amal qilayotganini aytib, fuqarolarga qarshi jinoyat sodir etganlarning javob berishi kerakligini urg‘uladi.

"Dalillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Liviya xavfsizlik kuchlari tinch aholiga qarshi keng qamrovli va muntazam hujumlarni amalga oshirgan", deyiladi Bosh prokuror idorasi chiqargan bayonotda.

Birlashgan Millatlarning Inson Huquqlari Kengashi tomonidan olib borilayotgan tekshiruv ehtimoliy urush jinoyatlari borasidagi hisobotini BMT Xavfsizlik Kengashiga 7 iyun kuni taqdim etishi kutilmoqda.

Xalqaro Jinoyat Mahkamasining sudoldi palatasi prokurorning murojaatini qabul qilishi, rad etishi yoki undan qo‘shimcha ma‘lumot so‘rashi mumkin.

Agar Muammar Qaddofiyni hibsga olish haqidagi buyruq chiqariladigan bo‘lsa, u Xaga Tribunali tarixida hibsga olinishi so‘ralgan ikkinchi amaldagi davlat rahbari bo‘ladi.

Sudan Prezidenti Umar al - Bashirga Darfurdagi qatliomga aloqadorlikda hibsga olish buyrug‘i chiqarilgan.

Liviya hukumati hozirning o‘zida Xalqaro Jinoyat Mahkamasining qarori bilan hisoblashmasligini aytgan.

Liviya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Xolid Qayim mahkama "Ovro‘po Ittifoqining afrikalik siyosatchilar va rahbarlar uchun" o‘ylab chiqargan narsasi ekanini aytdi va uning faoliyatini "bahsli" deya baholadi.

U Liviya, aksariyat Afrika davlatlari va AQSh kabi Xalqaro Jinoyat Mahkamasini tan olmasligi va uning qaroriga e‘tibor bermasligini aytdi.