Rossiyada mehnat muhojirlari uchun kvota tartibi bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda

Image caption Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Markaziy Osiyodan kelayotgan mehnat muhojirlari katta qismi malakasiz ishchilardan iborat

Rossiya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi xorijiylar uchun kvota tartibi bekor etish taklifiga qarshi chiqqan.

Ushbu vazirlik yuqori mulozimlariga ko‘ra, kvotaning bekor etilishi Rossiya iqtisodiyoti va fuqarolari uchun foyda keltirmaydi.

O‘tgan oy Rossiya Federal migratsiya xizmati Rossiyaga vizasiz kelayotgan xorijiylar uchun kvotaning bekor etish taklifini oldinga surgandi. Kvota Rossiyaga kelayotgan muhojirlar uchun qancha ishlash ruxsatnomasi berilishini belgilaydi.

Rossiya sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi xorijiylar uchun kvotaning bekor etilishiga mutlaqo qarshi ekanligini bildirgan.

Kvota saqlanishi tarafdorlari fikrlaricha, Rossiya ko‘proq chet elliklar emas, o‘z ichki migratsiya imkoniyatidan foydalanishi lozim.

Rossiya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi tuzgan loyiha bo‘yicha xorijiylar ishlayotgan 35 foiz ish o‘rinlarni boshqa mintaqalarda yashayotgan rossiyaliklar egallashlari lozim.

Kvotani bekor etish yo etmaslik masalasida, nafaqat Rossiya Federal vazirliklari, balki ekspertlar orasida ham yagona fikr yo‘q.

Moskvadagi Xalkaro migratsiya tashkiloti eksperti Natalьya Vlasovaning fikricha, kvota tartibi saqlanishi va mexanizmi qayta ko‘rib chiqilishi zarur.

"Mening fikrimcha, kvota xorijiy ish kuchi hajmini nazorat etuvchi chora sifatida qoldirilishi kerak. Lekin, shu qatorda kvotaning hozirgi mexanizmi tubdan o‘zgartirish lozim. Rossiya mehnat bozorida defitsit kasblarga kvota olib tashlanishi, ko‘p uchraydigan kasblarga esa, aksincha, cheklov qoldirilishi kerak. Bundan tashqari, Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlarda kvota saqlanishi maqsadga muvofiq deb o‘ylayman", deydi Natalьya Vlasova.

O‘z navbatda Moskvadagi Migratsiya masalalari bo‘yicha tadqiqotlar markazi direktori Yelena Tyuryukanova kvota bekor etish tarafdorlaridan biri.

"Rossiya Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi rasmiylari kvota tartibini saqlash bilan migratsiya jarayonini nazorat qilish mumkin degan fikrda. Lekin, bu noto‘g‘ri fikr. Noqonuniy mehnat muhojirlarining ko‘payishiga kvotaning biron bir aloqasi yo‘q. Chunki, kvota tartibi, aksincha noqonuniy muhojirlar sonini ko‘paytirishga sharoit yaratadi" deydi ekspert Yelena Tyuryukanova.

Butun Rossiya bo‘yicha joriy yilda xorijiylar uchun belgilangan kvota 1 million 700 ming nafarni tashkil etadi. Rasmiy ma‘lumotlarga binoan, joriy yilda Rossiyada 1 million 300 ming nafar xorijiyga ishlash ruxsatnomasi berilgan.

Qirg‘izistonlik Alimardonning aytishicha, kvotaning bor yo‘qligi, mehnat muhojirlarining Rossiyaga kelishlariga ta‘sir ko‘rsatmaydi.

"Bizning fuqarolar, kvota kam yo ko‘p ajratilganiga qaramasdan tavakaliga kelaverishadi. Chunki, Markaziy Osiyo respublikalarida bu haqda aniq bir ma‘lumot berilmaydi. Shuning uchun ham, bu yerga kelib, ish topolmay, juda katta qiyinchiliklarga duch kelishadi", deydi Alimardon.

Vizasiz Rossiyaga kelayotgan muhojirlar ishlash ruxsatnomasi olmasdan, patent asosida qonuniy ishlashlari mumkin. Patent tizimi 2010 yil 1 iyuldan boshlab kuchga kirgan. Patent asosida ishlash uchun mehnat muhojiri har oy 1000 rubl, ya‘ni taqriban 35 AQSh dollari to‘lashi lozim. Patent yuridik tashkilotlarda ishlash huquqini bermaydi.

Rossiya Federal migratsiya xizmati idorasi yaqinda e‘lon etgan raqamlar bo‘yicha O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari son jihatdan birinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

2010 yilda Rossiyaga kelgan 5 million mehnat muhojiridan 1 milliondan ortig‘i O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi. Ikkinchi o‘rin Tojikiston va uchinchi o‘rinni esa, Ukraina fuqarolari egallaydi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra, Markaziy Osiyo respublikalaridan kelayotgan mehnat muhojirlarining katta qismi malakasiz ishchilardan iborat.