Tolibon Mulla Umarning o‘ldirilgani xabarini rad etdi

Image caption Mulla Umar o‘ldirilgani haqidagi xabarni Afg‘onistondagi istig‘borot xizmatidagi manba ma‘lum qilgan

Afg‘onistondagi Tolibon harakati o‘zining rahbari Mulla Umar o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni "quruq tashviqot" deb atadi.

Oldinroq Afg‘oniston istig‘borot xizmatlaridagi manba Mulla Umarning Pokistonda o‘ldirilgani haqida xabar qilgan edi.

Afg‘oniston Toliboni so‘zchisi Zabihulloh Mujohid, "bu quruq tashviqot. Buning umuman imkoni yo‘q", deb aytgan.

Tolibon voizi so‘zlariga ko‘ra, Mulla Umar Afg‘onistonda va "mujohidlarga yetakchilik qilayapti".

"Frans Press" axborot agentligiga telefon vositasida gapirgan Pokistondagi Tolibon harakat so‘zchisi Ehsonulloh Ehson ham bu xabarni rad etgan, Mulla Umar "xavfsiz joyda", deb aytgan.

"Uning o‘ldirilgani haqidagi yangiliklar haqiqat emas. Bu axborot Tolibonni kuchsizlantirish maqsadida tarqatilayapti", deya qo‘shimcha qilgan Ehsonulloh Ehson.

Usama bin Lodinga qarshi o‘tkazilgan maxsus amaliyot muvaffaqiyatli tugaganidan keyin Qo‘shma Shtatlar Tolibon rahbari Mulla Umarga qarshi shunday amaliyot uyushtirishi mumkin degan xabarlar tarqalgan.

Prezident Barak Obama terrorchilik xurujlarining oldini olish maqsadida yana shunday amaliyotni takrorlashi mumkinligi haqida aytgan.

Ayni paytda Mulla Umar o‘n kundan ortiq vaqtdan buyon g‘oyib bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.

Mulla Umar Pokistonning janubiy hududlari - Kvetta yoki Karochi atrofida bekinayapti deb ko‘riladi.

Afg‘on manbasiga ko‘ra, Mulla Umar Kvettadan Shimoliy Vaziristonga borayotgan paytida otib o‘ldirilgan.

Afg‘onistonga qo‘shni Shimoliy Vaziriston hududlari qavm hududlari bo‘lib, aksar jangarilar bu joylardan boshpana topganlar va AQSh, NATO qo‘shinlari jangarilarga qarshi hujumlar uyushtirishadi.

Pokiston isg‘borot xizmati rasmiysi Mulla Umar o‘ldirilgani haqidagi xabar to‘g‘riligi tasdiqlamasliklarini aytgan.

Afg‘oniston rahbariyati Pokiston josuslik xizmatlarini isyonkorlarning Afg‘oniston hududida xalqaro hamda Afg‘on qo‘shinlariga qarshi janglarida ko‘mak ko‘rsatayotganlikda ayblab keladi.

Usama bin Lodinning Islomobodga yaqin Abbotobodda o‘ldirilganidan keyin mamlakat josuslik xizmatlari uning qayerda yashirinayotganini bilganlar, deb ko‘rilayapti va Pokiston rahbariyati bosim ostida qolgan.

AQSh va NATO rasmiylari Mulla Umarning o‘ldirilgani haqida faqat ommaviy axborot vositalaridagi xabarlardan bilganlarini, buni tasdiqlash yoki rad etish uchun o‘zlarida ma‘lumot yo‘qligini aytganlar.

Mulla Umar 1990 yillarda Afg‘onistonda qattiq Islomiy davlat barpo etgan Tolibon rahbari deb ko‘riladi, u Sho‘rolar Ittifoqining Afg‘oniston ishg‘oliga qarshi janglarda bir ko‘zidan ajralgani aytiladi.

Mulla Umar "Al-Qoida" rahbari Usama bin Lodinga Afg‘onistonda boshpana bergan, bu esa 2001 yildagi AQSh boshchiligidagi qo‘shinlarning Afg‘onistonga hujumlarni boshlashiga sabab bo‘lgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Mulla Umarni tutish uchun 10 million dollar mukofot puli va‘da qilgan.

Tez-tez video yoki audio murojaatlari bilan ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lib turgan Usama bin Lodindan farqli o‘laroq, Mulla Umarning kamdan-kam bayonotlari e‘lon etilgan.