Bosniya serblari harbiy qo‘mondoni Ratko Mladich hibsga olingan

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Urush jinoyatlarini sodir etganlik ayblovi bilan jahonda qidiruv e‘lon qilingan 1990 yillardagi Yugoslaviyadagi urush paytida Bosniya serblarining harbiy qo‘mondoni bo‘lgan Ratko Mladich hibsga olingan.

Bu haqda Serbiya Prezidenti Boris Tadich maxsus uyushtirilgan matbuot anjumanida e‘lon qildi.

Janob Tadich general Ratko Mladichning Serbiya hududida qo‘lga olinganini aytgan, biroq hibsga olish amaliyoti tafsilotlarini ochiqlamagan.

Serbiya prezidenti aytishicha, qidiruvdagi general nega shu paytgacha yashirinib yurishga muvaffaq bo‘lganiga aniqlik qiritish kerak.

Jurnalistlarga ko‘ra, Mladichning hibsga olingani haqida Serbiyaga Ovro‘po Ittifoqining Tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Ketrin Eshton safari boshlangan kunda e‘lon qilingan.

Matbuot anjumanida Prezident Boris Tadich Serbiya o‘zining Urush jinoyatlari bo‘yicha xalqaro tribunal oldidagi majburiyatini bajardi, deb aytgan.

Ratko Mladich Bosniya urushi payti Serblar rahbari Radovan Karadjich armiyasining bosh qo‘mondoni bo‘lgan.

Mladich va Karadjich Bosniyadagi qonli hodisalar paytida xorvatlar va musulmonlarga qarshi Serb kampaniyasining ramzlariga aylangandilar.

Bosniya qirg‘inida aybdor topilgan general

BMTning urush jinoyatlari tribunali Ratko Mladichni qatliom va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topgan, bu jinoyatlar orasida 1995 yilda Srebrenitsa shaharchasida kamida 7 yarim ming musulmon erkaklari va o‘g‘il bolalarini qirg‘in qilish ham bor.

Ratko Mladich bir muddat Belgradda emin-erkin yashab yurgan, 2001 yilda Yugoslaviyaning sobiq prezidenti Slobodan Miloshevich hibsga olinganidan keyin g‘oyib bo‘lgan edi.

2004 yildan Serbiya rahbariyatiga bosimlar kuchaydi, rasmiy Belgraddan xalqaro hamjamiyat Urush jinoyatlari Xalqaro tribunali bilan hamkorlik qilishni talab qila boshladi.

O‘sha yil oktyabrida Mladichning sobiq safdoshlari o‘zlarini tribunalga topshirdilar.

O‘z ixtiyori bilan kelganlar etnik tozalash amaliyotlarida ishtirok etganlikda ayblangan Radivoj Miletich va Milan Gverolar edi.

Radovan Karadjich 2008 yil iyulida Belgradda hibsga olinganidan keyin Ratko Mladich ham tez orada qo‘lga olinadi degan xabarlar tarqalgan edi.