Belarusda prezidentlikka ikki sobiq nomzod uzoq yilga hukm etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Nomzodlar o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlari ortidan boshlanib ketgan ommaviy namoyishlar chog‘ida hibsga olinishgandi

Belarusda mahkama sobiqan prezidentlikka nomzodligini ilgari surgan ikki kishini uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum qilgan.

Nikolay Statkevich va Dmitriy Uss o‘tgan yil dekabrida poytaxt Minskda bo‘lib o‘tgan aksilhukumat namoyishlarida ishtirok etganlari uchun olti va besh yarim yilga qamalganlar.

Statkevich va Uss janoblari Belarusda qamoqqa tashlanayotgan siyosiy muxolifatchilarning ohirgilari bo‘lishmoqda.

Muxolifatchilar avvallari bu qadar uzun qamoq jazosiga hukm etilmagandi.

Shu boy boshida yana bir prezidentlikka nomzod Andrey Sannikov besh yilga ozoddikdan mahrum etildi.

Bu nomzodlar dohil 40 kishi o‘tgan yil prezidentlik saylovlari ortidan chiqqan namoyishlarda qatnashganlari uchun jazolanishmoqda.

Mamlakatni uzoq yillardan beri boshqarib kelayotgan Prezident Aleksandr Lukashenko aksar ovozlar bilan saylovda g‘olib chiqqandi.

Lekin, xalqaro kuzatuvchilar ovozlar soxtalashtirilganini qayd qilishgan.

Joriy haftaning o‘zida Lukashenko dekabr namoyishlari ortidan qamalganlar ozod etilishini aytgandi.

Biroq, Uss va Statkevichlarning jazoga tortilishi bu bayonotga zid bo‘lmoqda.

Ovro‘po Ittifoqi va AQSh Belarusdagi qattiqqo‘l siyosiy bosimlar tufayli mamlakat ma‘muriyatiga qarshi jiddiy sanktsiyalarni qo‘llagan.

Belarus ayni damda o‘ta abgor iqtisodiy tanglikdan jabr chekmoqda.

Bu hafta Belarus Markaziy Banki yana bir bor Belarus rublining qiymatini tushirdi va bu mamlakat bo‘ylab vahimaga sabab bo‘ldi.