Afg‘onistonning Hirot shahri qator hujumlarga sahna bo‘ldi

Image caption Hujumlarda qator insonlar yaralangan

Afg‘oniston g‘arbidagi Hirot shahrida amalga oshirilgan hujumlarda 5 inson nobud bo‘lgan, 30dan ortiq kishi tan jarohati olgan.

Hujumlar yo‘l yoqasidagi bomba portlashi bilan boshlangan. Hirotdagi Afg‘oniston josuslik xizmati rasmiysi portlash o‘ta kuchli bo‘lgani, yaqin atrofdagi binolar oynalari to‘kilib tushganini aytgan.

Keyin xudkush hujumchi Italiya yetakchiligidagi Viloyat qayta qurish guruhining Hirot shahri chetidagi bazasini nishonga olingan.

Tolibon yaqinda 'bahor mavsumidagi hujumlari' boshlanganini e‘lon qilgandi.

"Hirotdagi Viloyat qayta qurish guruhi darvozasida xudkushlik hujumi amalga oshirilgan va ikkinchisi shahar markazida yuz bergan", deb aytgan Hirotning jinoiy ishlar bo‘yicha boshqarmasidan Farux Ko‘histoniy.

Guvohlar Viloyat qayta qurish guruhi bazasi hududidan otishmalar ovoz eshitilganini aytishgan.

Kamida ikki xudkush hujumchi bazaga hujum qilgani va qator boshqa qurollilar ichkariga kirishga harakat qilganlari aytiladi.

'Ilk portlash tig‘iz vaqtda yuz berdi'

''Ilk hujum - kuchli portlash bo‘ldi. Portlash odamlar tirband joyda, hamma ish bilan band payti yuz berdi. Yaqin o‘rtadagi binolar oynalari to‘kilib tushdi. Portlash ro‘y bergan mahal men o‘sha yaqin atrofda edim", deb aytgan Hirotdagi afg‘on josuslik xizmati rasmiysi.

Reyters agentligining xabar berishicha, teletasvirlarda kamida ikkita avtomobil vayron bo‘lgani va qo‘shinlar shoshib ketayotganlarini aks etgan.

Afg‘onistonda Italiyaning 3,800ga yaqin qo‘shini xizmat qiladi. Ularning aksari mamlakat g‘arbida joylashtirilgan.

Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, Eron bilan chegara yaqinida joylashgan Hirot nisbatan tinch bo‘lib, xavfsizlik nazorati tez orada afg‘onlar qo‘liga topshirilishi kutilayotgandi.