Yaman xavfsizlik kuchlari Taizda '20 namoyishchini o‘ldirishgan'

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yaman xavfsizlik kuchlari janubiy Taiz shahrida kamida 20 nafar aksilhukumat namoyishlari ishtirokchilarini otib o‘ldirishgan.

Bu haqda Taizdagi shifokorlar va tashkilotchilar ma‘lum qilishgan.

Ayni paytda guvohlarga ko‘ra, Yaman havo kuchlari Zinjibar shahri nazoratini qo‘lga kiritgan jangarilarni hujumga tutgan. Ular "Al-Qoida" harakatiga aloqador, deya gumon qilinadi.

Prezident Ali Abdullo Solih bir necha oydan beri davom etayotgan norozilik chiqishlari va asosiy qavmning kuchli qarshiligiga qaramay, iste‘foga chiqishdan bosh tortmoqda.

Taiz - Tunis va Misrdagi ommaviy qo‘zg‘olonlardan ilhomlanib ko‘tarilgan ilk shaharlardan biri.

Shahardagi shifokorlardan biri Abdulqodir al-G‘unaidning Bi-bi-siga aytishicha, xavfsizlik kuchlari Ozodlik maydonida kechgan norozilik namoyishlari izini butunlay yo‘q qilmoqda.

"Ular hujum qilishdi, odamlarni otishdi, chodirlarni yondirishdi. Maydonda ovoz kuchaytirgichlar, nutq so‘zlash, qo‘shiq kuylash va teatr qo‘yish uchun narsalar bor edi. Ularni (namoyishchilarni) o‘ldirishdi va soat 03:00larda buldozerlarni olib kelishdi va hamma narsani tugatishdi. U yerda hech narsa qolmadi. Ular maydonni hatto tozalashyapti. Shunday ekan, hech kim avval bunga o‘xshash biron narsa bo‘lganini taxmin ham qilolmaydi", deb aytgan shifokor.

Faollardan biri Bushra al-Maqtariy axborot agentliklaridan biriga: "Bu qirg‘in. Ular ko‘chalardan yaralanganlarni hibsxonalarga sudrab ketishdi", deydi.

Yana bir manba‘ning da‘vo qilishicha, ayrim yaralanganlar ustidan buldozerlar o‘tib ketgan.

Avvalroq kelgan xabarlarda guvohlar va shifokorlardan iqtibos keltirilgan. Ularda aytilishicha, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga o‘qotar va suv purkovchi qurollar bilan hujum qilishgan hamda jamloqlariga o‘t qo‘yishgan.

Jamloqdagi dala shifoxonasi rahbari Sodiq al-Shuga matbuotga askarlar olamonni yoppasiga nishonga olganini aytgan.

Muxolifat koalitsiyasi buni Prezident Solihning "qolgan harbiy va xavfsizlik kuchlari hamda qurollilari" tomonidan amalga oshirilgan "insoniyatga qarshi jinoyat" sifatida qoralagan.

Muxolifat Yaman rahbari "xalqqa qarshi davom etayotgan jinoyatlar uchun shaxsan javobgar bo‘lishi" yuzasidan ogohlantirgan.

"Bu jinoyatlar vaqt o‘tsa ham unutilmaydi".

"Ular kuzatib borilmoqda va hujjatlashtirilmoqda va ularni amalga oshirganlar, qurollar va pul bilan ta‘minlaganlar javobgarlikdan qochib qutila olmaydi", deyiladi muxolifat chiqargan bayonotda.