FIFAning homiylari tashkilotdagi mojaro sabab xavotir bildirishmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Mojaroning yanada avj olishi Zepp Blatterni Tsyurixda maxsus matbuot anjumani chaqirishga undadi

Xalqaro Futbol Federatsiyasi assotsiatsiyasining yirik homiylari bo‘lgan Coca-Cola va Adidas bayonotlariga ko‘ra, FIFA rahbariyatidagi vaziyat ham tashkilot va ham sport obro‘siga putur yetkazadi.

Biroq biror bir tashkilot jahon futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorligini to‘xtatish niyatini bildirmagan.

FIFA o‘zining homiylari bilan tuzgan shartnomalari asosida ulardan yuzlab million dollar oladi.

Bugunga kelib tashkilotning uzoq vaqtdan buyon dastaklab kelayotgan yirik moliyaviy dastaklovchilari futbol assotsiatsiyasidagi korruptsiya ayblovlarida borasida xavotirlarini izhor etdilar.

Coca-cola tarqatgan bayonotda aytilishicha, bu ayblovlar "tashvishlanarli va sport uchun yomon".

Adidas ham bayonot e‘lon qilgan, unda "salbiy ovozalar na futbol uchun, na FIFA va na uning hamkorlari uchun yaxshi" deyiladi.

FIFA prezidenti Zepp Blatter tashkilot inqirozda ekanini rad etdi, biroq korruptsiya ayblovlari tashkilot "obro‘siga ulkan zarar yetkazganini" tan olgan.

FIFA prezidentligi saylovi 1 iyunga mo‘ljallangan.

Saylov arafasida mojaro yanada kuchaydi.

Bunga FIFA vits-prezidenti Jek Uorner e‘lon qilgan va tashkilot rahbarligiga o‘z nomzodini qo‘ygan Muhammad bin Hammam ayblangan elektron maktub sabab bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Tsyurixdagi FIFA qarorgohida matbuot anjumani tashkil etgan Zepp Blatter saylovni ortga surish va 2022 yildagi futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha ovoz berish natijalarini qayta ko‘rib chaqiriqlarini rad etdi.

Janjal oloviga moy quygan maktub

Jek Uorner oshkor etgan elektron maktubni FIFA bosh kotibi Jerom Valke yozgan va Osiyo Futbol konfederentsiyasi rahbari Muhammad bin Hammamning o‘z nomzodini FIFA prezidentligiga qo‘ymoqchi bo‘lganini muhokama qilgan.

"MBH(Hammam) masalasiga kelganda, men uning o‘z nomzodini nima uchun ilgari surganini umuman tushunmayman. U g‘alabaga erisha olaman deb o‘ylaganmi yo bu uning YZB(Blatter)ga shaxsiy nafratini izhor etishning bir yo‘limidi? Yoki u Qatar uchun jahon chempionatini sotib olganiday FIFAni ham sotib ololaman, deb o‘ylaydimi?", deb yozgan Jerom Valke.

Jerom Valke bu xatni yozganini tan olgan, biroq o‘zining oxirgi so‘zlarini "kontekstdan uzib olingan", deb aytgan.

Bundan tashqari, Jek Uorner Zepp Blatterni 1 million dollarlik mablag‘ni o‘zboshimchalik bilan berib yuborganlik va tashkilotning Karib havzasidagi a‘zo mamlakatlar vakillariga sovg‘alar berishda ayblagan.

1 iyundagi saylovda faqat Zepp Blatterning nomzodi qoldi, u FIFAning axloqiy qo‘mitasi o‘ziga qarshi bildirilgan ayblovlarni ko‘rib chiqmaslikka qaror qilganini aytdi.

Zepp Blatter so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro futbol federatsiyasi yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal eta oladi.

"Biz inqirozga tushganimiz yo‘q. Biz faqat ayrim muammolarga duch kelganmiz va buni oilaning ichida hal qila olamiz", degan FIFA rahbari.