Oxfam: Oziq-ovqat narxlari kelasi 20 yil ichida 'ikki baravar' qimmatlaydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Oxfam xalqaro xayriya jamg‘armasiga ko‘ra, 2030 yilga borib, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ikki baravar ortib ketishi mumkin.

Agar dunyo hukumatlari lozim choralarni ko‘rishmasa, birgina bug‘doyning bahosi kelasi 20 yil ichida 120-180 foizga ko‘tarilishi mumkin, deydi tashkilot.

Jamg‘arma o‘z hisobotida buning sabablariga ham to‘xtalib o‘tadi.

Ayon bo‘lishicha, narx-navoning keskin ko‘tarilib ketishida global iqlim o‘zgarishining ta‘siri ham ozmuncha bo‘lmaydi.

Xalqaro tashkilot, xuddi shundan kelib chiqib, dunyo rahbarlarini oziq-ovqat bozorlarida boshqaruvni yaxshilash va global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun maxsus jamg‘arma tuzishga chaqiradi.

"Oksfam" rahbari Barbara Stoking xonimlarining aytishicha, global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq kuchayib borayotgan muammolar, oziq-ovqat qiymatining keskin ko‘tarilishi, yer, suv va energiya taqchilligiga barham bermoqchi bo‘lsak, oziq-ovqat taqsimoti tizimi qayta ko‘rib chiqilishi lozim.

Qaynoq nuqtalar

"Oksfam" hisobotida aholisi jiddiy oziq-ovqat taqchilligiga yuz tutishi mumkin bo‘lgan to‘rt davlatning nomini alohida tilga olib o‘tadi.

Ular Gvatemala, Hindiston, Ozarbayjon va Sharqiy Afrika davlatlaridir.

Gvatemalaning asosiy muammosi sifatida fermerlarning importga qaram bo‘lib qolganliklari aytiladi.

Hindiston aholisi esa, deylik, britaniyaliklarning maoshlari bilan foiz hisobida taqqoslanganda, oziq-ovqatga ikki barobar ko‘proq pul sarflashar ekan.

Ozarbayjonda yomon ob-havo tufayli g‘alla hosili 33 foizga kamayibdi.

Sharqiy Afrika davlatlarida esa, qurg‘oqchilik va surunkali oziq-ovqat taqchilligi sabab 8 million kishi ochlikdan azob chekisharkan.

Avvalroq Jahon Banki ham oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi millionlab kishilarni ochlik girdobiga tashlashi mumkinligi bilan ogohlantirgandi.

Ularning orasida Markaziy Osiyo davlatlari ham bor.

O‘tgan yilning aprel oyidagi ko‘rsatkichlar bilan solishtirganda, oziq-ovqatlar qiymati bu yilga kelib 36 foizga oshgan.

Xalqaro jamg‘arma buning sababini Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada kechayotgan g‘alayonlar bilan ham bog‘lagan.

"Oksfam"ning aytishicha, "Dunyoda hammaga yetarli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari bo‘lsa ham, Yer yuzida har yettinchi odam har kuni ochlikdan azob chekadi".

Tashkilot muammoning yechimi o‘laroq yana oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini oshirish, fermer xo‘jaliklariga ko‘proq saomoya kiritish, bioyoqilg‘i uchun mahsulot yetishtirishga chek qo‘yish va xom-ashyo bozorlari faoliyatida shaffoflikni kuchaytirish lozimligini ham ta‘kidlagan.