BMT ekspertlari: narkotiklarga qarshi global urush shikast yedi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Narkotiklarning yoyilishiga qarshi global urush shikast yedi.

Ushbu sohadagi vaziyatni baholash uchun BMT tomonidan tashkil etilgan komissiyaning yangi hisoboti ana shunday xulosa chiqardi.

BMTning sobiq bosh kotibi Kofi Annan, Meksika, Kolumbiya va Braziliyaning sobiq prezidentlari va tadbirkor Richard Brensonlar doxil 19 kishidan iborat global komissiya dunyoda narkotiklarning tarqalishiga qarshi kurash yo‘nalishlari haqida aniq takliflarni ishlab chiqishi kerak edi.

Komissiya a‘zolari orasida AQSh Federal zahirasi sobiq raisi Pol Uolker va Yunonistonning joriy bosh vaziri Georgiu Papandreu ham bor.

Unga, shuningdek, Lotin amerikalik taniqli yozuvchilar Karlos Fuentes va Mario Vargas Lyosa, Ovro‘po Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha sobiq komissari Xaviyer Solana va AQSh sobiq davlat kotibi Jorj Shults kirgan.

Komissiya takliflari jumlasiga ba‘zi narkotik moddalarni qonuniylashtirish va bangilarni ta‘qib etishni to‘xtatish kiradi.

Oq Uy ushbu hisobot xulosalarini inkor etgan va ularni "xatoli" deya baholagan

Jinoiy ta‘qib samarali emas Komissiya hisobotida ta‘kidlanishicha, narkotiklarning tarqalishiga qarshi urush narkotiklar savdosi va uyushgan jinoyatchilikni kuchaytirgan, soliq to‘lovchilariga millionlab dollarga tushgan va minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan.

Unda 1998 yildan 2008 yilga qadar tarkibida ko‘knori bo‘lgan moddalarni iste‘mol qilish 35% va marixuanani iste‘mol qilish 8,5% ga oshgani haqidagi BMT ma‘lumoti keltiriladi.

Hisobot mualliflari narkotiklarning yoyilishiga qarshi kurash usullari samarali deb hisoblovchi hukumatlarni tanqid qilgan.

"Siyosatchilar va jamoat arboblari narkotiklarga qarshi kuch vositasida kurash strategiyasi bu muammoni yecha olmasligini va bunday usul bilan narkomaniya ustidan g‘alaba qilib bo‘lmasligini ochiq-oydin e‘tirof etish uchun o‘zlarida kuch va matonat topishlari kerak," - deb yoziladi hisobotda.

Komissiya ayniqsa AQShni keskin tanqid qiladi.

Unga ko‘ra, Amerika hukumati ushbu sohani jinoiylashtirishdan voz kechishi hamda insoniylik va inson huquqlarini hurmat qilishga asoslangan strategiyani qo‘llashi kerak.

AQSh hukumatining narkotiklar savdosiga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Jil Kerlikovske hisobot xulosalarini rad etdi.

"Narkomaniya - bu kasallik. Uni muvaffaqiyatli bartaraf etish va davolash mumkin," - deb aytdi Oq Uy vakili.