"Damashqlik gey qiz" muallifi amerikalik erkak bo‘lib chiqdi

Image caption Aminaning hibsga olingani haqidagi xabarlar ortidan internetda uning ozod etilishi yo‘lida kampaniya boshlandi

Amerikalik erkak talaba nima uchun o‘zini suriyalik feminist qiz Amina Abdulloh Arraf al Umariy deya taqdim etib internetda blog yuritganini izohlab bergan.

"Damashlik gey qiz" nomli internet-kundalikda Prezident Bashar al Assad hukumati tomonidan bostirilayotgan siyosiy notinchliklar ichra yashash naqadar qiyin ekani haqida hikoya qilingan.

Biroq, Suriyada Amina ismli qizning hibsga olingani xabar qilinishi ortidan amerikalik talaba Tom Makmaster blog muallifi o‘zi ekanini fosh qilgan va kechirim so‘ragan.

Fevral oyidan beri yuritilib kelayotgan 35 yoshli lesbian qiz Aminaning blogini jahon bo‘ylab minglab odamlar o‘qishni boshlagandi.

Suriyadagi xorijiy matbuot jurnalistlarining mamlakatdan quvilishi tufayli ko‘plar xabarlar uchun Suriya ichidagi bloggerlar va huquq faollari xabarlariga tayanib qolishgandi.

"Amina"ning blogi aynan shunday saytlardan edi. U nafaqat Suriya prezidentini qattiq tanqid qilgani, balki go‘yoki Damashqda yashayotgan lesbian faol ekani bilan ko‘plarni qiziqtirib qo‘ydi.

Biroq, Aminani hech kim hech qachon uchratmagan yoki u bilan so‘zlashib ko‘rmagan. Uning blogidagi surat esa Londonda yashovchi qizning internetda o‘g‘irlangan surati bo‘lib chiqdi.

Bir hafta avval bu blogda Aminaning o‘zi hukumat agentlari tomonidan hibsga olingani haqida xabar paydo bo‘lar ekan, jahon bo‘ylab uning muxlislari g‘azablandilar.

Buning ortidan Tom Makmaster blogni Suriyada yashayotgan qandaydir Amina emas, balki o‘zi Shotlandiyada o‘tirib yozayotgani haqida blogda e‘lon qildi.

Biroq, u BBC bilan suhbatda barcha chop qilgan ma‘lumoti faktlarga asoslangani, va Yaqin Sharq bo‘yicha mutaxassis sifatida Suriyaning ichidagi juda ko‘p manbalardan xabarlar olib turishini bildirdi.

Ayni damda, ba‘zi tahlilchilar bu kabi yolg‘on saytning oshkor etilishi Suriya hukumatining matbuotga qarshi hujumlari asosli degan noto‘g‘ri ishoralar berishidan xavotirdalar.

Suriyaning o‘zida esa gey huquqlari faollari g‘azabda. GayMiddleEast dot com veb sahifasi muharriri Sami Hamviy "Uyat senga. Seni deb juda ko‘p odamlar shikast yedi, va bizning faoliyatimiz xavf ostida qoldi" deb yozgan.