Suriya armiyasi Turkiya chegarasiga yaqin shaharga kirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Suriya armiyasi tanklari Turkiya chegarasidan ikki kilometr uzoqlikdagi Xirbet aj-Jo‘z shahriga kirdi.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, o‘tgan to‘rt hafta ichida Suriya-Turkiya chegarasini 8,5 ming suriyalik qochqin kesib o‘tgan.

Qochqinlarning aksari chegara yaqinida barpo etilgan jamloqlarda boshpana topgan.

Suriyalik qochqinlarning BBC muxbiriga hikoya qilishlaricha, ular Suriya harbiylarining chegarani kesib o‘tishlari va ularni hibsga olishlari mumkinligidan qo‘rqishadi.

Turk qo‘shinlari tomonidan qo‘riqlangan jamloqlarga kimsa kiritilmayotir.

Shohidlar Xirbet aj-Jo‘z shahrida Suriya askarlarini ko‘rishgani va u yerdan otishma ovozlari eshitilayotganini aytadilar.

O‘tgan haftalarda Turkiya bayrog‘i hilpirab turgan tepalikdagi bino hozirda Suriya qo‘shinlari tomonidan egallab olingan.

Payshanba tongida 600 dan ortiq qochqin Turkiya tomonga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq endilikda chegaradan odamlarning o‘tishi deyarli imkonsiz bo‘lishi aytilmoqda.

Turkiya kuchlari chegara bo‘ylab shay holga keltirilgan, biroq Suriyani tobora keskinroq tanqid qilayotgan turk hukumatining yuzaga kelgan inqirozga qanday munosabat bildirishi aniq emas.