Suriyada yangi norozilik namoyishlari boshlanib ketgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Norozilik chiqishlari mart oyidan beri davom etmoqda

Suriya faollariga ko‘ra, bugun juma namozidan so‘ng Prezident Bashar al-Assadning iste‘fosi talabi bilan yana minglab odamlar norozilik namoyishiga chiqishgan.

Xabarlarga ko‘ra, Suriya kuchlari poytaxt Damashq atrofidagi hududlarda ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va o‘tochar qurollardan foydalanishgan. Suriyaning qator yirik shaharlaridan ham namoyishlar kuzatilgan.

So‘nggi tasdiqlanmagan xabarlarda aytilishicha, namoyishlarda bir necha kishi qurbon bo‘lgan. Ko‘plab kishilarga tan jarohati yetgan.

Ovro‘po Ittifoqi esa, o‘z fuqarolariga qarshi keskin zo‘ravonliklarga qo‘l urayotgani uchun Suriyaga hukumatiga qarshi jazo choralarini kengaytirgan.

Ittifoq Eron Inqilob Qo‘riqchilarining 3 a‘zosi va 4 suriyalikni jazo choralari e‘lon qilinganlar ro‘yxatiga kiritgan.

Ovro‘po Ittifoqining rasmiy jurnalida Eron Inqilob Qo‘riqchilaridan 3 nafari Suriyadagi tuzumni mamlakatda davom etayotgan noroziliklarni bostirishda qo‘llab-quvvatlagani uchun nishonga olinayotganini aytiladi.

Shuningdek, ittifoq "Suriya tuzumining o‘z fuqarolariga qaratilgan qabul qilib bo‘lmas va dahshatli zo‘ravonliklari" qoralangan maxsus deklaratsiya loyihasini ham ishlab chiqqan.

Ovro‘po Ittifoqi ushbu maxsus deklaratsiya loyihasini tasdiqlashlari ham kutilmoqda.

Suriya faollari mart oyida aksilhukumat noroziliklari boshlanib ketganidan beri bir yarim mingga yaqin odam o‘ldirilganini aytishadi.

"U endi mening prezidentim emas" O‘tgan haftalarda bo‘lgani kabi, faollar suriyaliklarni juma namozidan so‘ng namoyishlarga chiqishga undashgan.

Facebook ijtimoiy muloqot saytida chop qilingan murojaatda bu haftaning shiori "Bashar endi mening prezidentim emas va uning hukumati endi menga vakillik qilmaydi" ekani aytiladi.

Damashqning chekkasidagi Irbin mavzesiga, markaziy Suriyadagi Homs va Hama shaharlari, janubdagi Dara, hamda sharqdagi Qamishli va Dayr al Zur shaharlariga minglab namoyishchilar chiqishgan.

Homs yashovchilari Javrat al Arayis tumanida bir namoyishchi halok bo‘lganini bildirishgan.

Londonda joylashgan Suriya Inson Huquqlari Rasadxonasi Damashq janubidagi Kisvah tumanida bir kishi o‘ldirilgani va to‘qqiz kishi jarohat olishganini bildirdi.

Suriya chet ellik muxbirlarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygani tufayli namoyishlar borasidagi xabarlarni tasdiqlash qiyin.