AQSh Suriya qo‘shinlarining Turkiya chegarasi tomon harakatidan xavotirda

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Armiya hujumlaridan qo‘rqqan odamlar Turkiya chegarasi tomon yo‘l solishgan

Qo‘shma Shtatlar Suriya qo‘shinlari Turkiya chegarasi tomon yurayotganidan xavotir bildirgan. Amerika Davlat Kotibasi Hillary Clinton Suriya qo‘shinlarining harakati 'o‘ta xavotirli' ekanini aytarkan, mintaqada qarama-qarshiliklar kuchayishi ehtimolidan ogohlantiradi.

Unga ko‘ra, bu Turkiya bilan chegara to‘qnashuvlariga yetaklashi xavfini kuchaytirishi va qochqinlar ahvolini mushkullashtirishi mumkin.

Ammo, Turkiyadan taniqli siyosatchi va sobiq davlat vaziri Ahad Andijonga ko‘ra, bugunda Turkiya va Suriya o‘rtasida kattaroq janjalga arzigulik sabablar yo‘q:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Suriya tanklari va snayperlari Xirbet al - Jouz qishlog‘iga kirib borgan va u yerdagi aholini Turkiyaga qochishga majburlagan.

Mart oyida boshlangan aksilhukumat noroziliklarini bostirish jarayonida bir yarim mingga yaqin odam halok etilgani aytiladi.

Muxolifat faollariga ko‘ra, mingdan ortiq namoyishchilar hibsga olingan.

Qator Suriya shaharlari, jumladan, Homs va Hamada hafta boshlarida xavfsizlik kuchlari va Prezident Asad tarafdorlari bilan to‘qnashuvdan so‘ng ish tashlash e‘lon qilingan.

'O‘z xalqini terrorga solish'

"Shunisi haqiqatki, tajavuzkor harakat Suriyadagi qochqinlar bilan bog‘liq shundoq ham beqaror vaziyatni yanada yomonlashtiradi", deydi Klinton xonim.

"Toki, Suriya kuchlari zudlik bilan o‘z hujumlari va ig‘vogarona harakatlariga chek qo‘yishmasa, bu nafaqat o‘z fuqarolariga ta‘sir qilmoqda, balki chegara to‘qnashuvlari ehtimolini oshirmoqda. Buning ortidan esa, mintaqada qarama-qarshiliklar kuchayishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin", deydi Clinton xonim.

Hillary Clinton Vashingtonning Prezident Asadga qaratilgan - islohotlar va‘dasi ustidan chiqish va yo iste‘fo berishga oid chaqiriqlarini ta‘kidlagan.

Clinton xonimga ko‘ra, bu Prezident Asad tuzumi Suriya xalqining qonuniy xavotirlariga yechim topish uchun o‘z fuqarolari bilan hamkorlikda ishlash o‘rniga ularni bostirish uchun qanchalar uzoqqa bora olishi mumkinligiga yana bir misoldir.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Clinton xonim mintaqada qarama-qarshiliklar kuchayib ketishi ehtimolidan ogohlantiradi

Suriya hukumatining yaqinda amalga oshirgan harbiy amaliyotlari mamlakat shimolidan minglab suriyaliklarning Turkiya tomon qochishlariga sabab bo‘lgan.

Ko‘plar chegarani kesib o‘tishgan, biroq katta sonli qochqinlar chegaraning Suriya tarafidagi jamloqda qolishni ma‘qul ko‘rishgan.

Ulardan biri BBC Arab Xizmatiga gapirarkan, o‘zining jamlog‘idagi 2,130 kishi Xirbet al - Jouzdan armiya hujumlaridan qochib kelganini aytgan.

"Bu xalqni dahshatga solishdir", deydi u.

Rasmiy Damashq esa, minglab suriyaliklarning Turkiyaga qochayotganiga oid xabarlarga zid gapirgan. Hukumatga ko‘ra, payshanba kuni 500dan ortiq kishi o‘z uylariga qaytishgani haqida aytgan.

Hukumat, shuningdek, ularni qurolli shaxslar qochishga majbur qilganini qayd etgan.

Turkiya mavqei

Xirbet al-Jouzga borgan BBC muxbiri aholi armiya hujumlarini kutarkan, qishloq huvillab yotganini aytgan.

Shohidlarga ko‘ra, qo‘shinlar qishloqqa payshanba kuni ertalab yetib kelishgan.

Turkiya tarafdagi mahalliy aholi va jurnalistlar chegaraning narigi tomonida harbiylar hatti-harakatlarini kuzatishga muvaffaq bo‘layotganlarini aytishgan. Ularga ko‘ra, harbiylar Turkiya chegarasi yaqinidagi jamloqqa oshiqayotgan odamlarni yo‘lini to‘sishni maqsad qilishgan ko‘rinadi.

Hozirning o‘zida Suriya chegarasida joylashgan Hatay viloyatida 11 mingga yaqin suriyalik Turkiya Qizil Xoch tashkiloti o‘rnatgan chodirlarda qo‘nim topishgan.

Ayni paytda Turkiya kuchlari ham chegara bo‘ylab safarbar qilingan.

Istanbuldagi BBC muxbiri Jonathan Headning aytishicha, Turkiya hukumati Suriya qo‘shinlari hatti-harakatlariga qanday javob qilishi qorong‘u qolmoqda. Hozirgacha hukumat Suriyaga nisbatan tanqidiy munosabat ko‘rsatib kelayotgandi.

Payshanba kuni Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallaim Turkiyaga murojaat qilib, Anqara har doim o‘z ittifoqchilari bo‘lib kelganini urg‘ulagan va mavqeini o‘zgartirishga chaqirgan.