Tolibon: politsiya bo‘linmasiga hujum qilganlar O‘IH a‘zolari edi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Pokistondagi Tolibon harakatining da‘vo qilishicha, o‘tgan hafta oxirida Janubiy Vaziristondagi politsiya bo‘linmasiga intihoriy hujum uyushtirgan ikki shaxs - o‘zbekistonlik er-xotin bo‘lgan.

Tolibon shuningdek kelajakda xuddi shunday hujumlar sodir etish bilan tahdid qilgan.

Xudkush bomba hujumi ilk bor er-xotin tomonidan amalga oshirilmoqda.

Pokistonda o‘tgan to‘rt yil ichida sodir etilgan intihoriy hujumlarda to‘rt yarim mingga yaqin odam halok etilgan.

Burqaga o‘rangan Tolibon jangarilari shanba kuni Janubiy Vaziriston mintaqasida joylashgan politsiya bo‘linmasiga kirib, o‘zlarini portlatib yuborishar ekan 10 politsiya xodimi halok bo‘lgan.

"Biz er-xotinni yuborgan edik," - dedi Tolibon so‘zchisi Ehsonulloh Ehson Frans Press agentligiga.

Uning ilova qilishicha, xudkush hujumchilar O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bo‘lishgan.

Pokiston rasmiylarining aytishlaricha, Kolachi politsiya bo‘linmasiga uyushtirilgan hujum chog‘ida olti jangari halok etilgan.

"Bizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra, bombachilar er-xotin bo‘lgan, ammo buni to‘la tasdiqlash uchun bizda hozircha yetarli ma‘lumot yo‘q," - deydi politsiya mulozimi Imtiyoz Shoh.

Qo‘shma Shtatlar Janubiy va Shimoliy Vaziristonni hozirda dunyoning eng xavfli terror markaziga aylanganini aytadi.