Rossiya harbiy razvedka polkovnigi sirtdan 25 yilga hukm etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Rossiyalik josuslar guruhi o‘tgan yil iyulida Amerikadan chiqarib yuborilgandi

AQShga qochib o‘tgan Rossiya tashqi razvedka xizmati xodimi sirtdan "davlatga xiyonat" qilishda aybdor deb topilgan.

Moskva harbiy mahkamasi polkovnik Aleksandr Poteyev ishini yopiq tarzda ko‘rib chiqqan.

Ayblov tomoniga ko‘ra, polkovnik Poteyev AQShda faoliyat yurg‘izgan bir gruh rus josuslarining qo‘lga tushirilishida aybdor sanaladi.

Tergov materiallari bo‘yicha Aleksandr Poteyev Rossiyaning xorijdagi agentlar ro‘yxatidan xabardor shaxslar qatoriga kirgan.

U 2010 yilda Moskvada va chet el safari chog‘ida Rossiyalik josuslar ro‘yxatini AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasiga topshirgan.

"Poteyev harakati natijasida Rossiya xafsizligiga katta ziyon yetkazildi," deb aytgan hakam "Interfaks" axborot agentligiga.

Polkovnik Poteyev AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasiga xorijdagi josuslar nomlari qatori, ularni moliyaviy jihatdan ta‘minlash mexanizmini ham oshkor etkan.

Aytilishicha, 59 yoshli Aleksandr Poteyev Rossiya tashqi razvedka xizmatidagi "S" nomli boshqarma rahbarining muovini vazifasini bajarib kelgan.

"Interfaks" axborot agentligining tergov ma‘lumotlariga tayanib yozishicha, polkovnik Poteyev, qalbaki pasport bilan Belorusiya poytaxti Minskga kelgan va u yerdan AQSh agentlari yordamida xorijga chiqarib yuborilgan.

Bir yil muqaddam Amerikada Rossiyaga josuslik qilganlikda ayblangan 10 kishi AQSh xafsizlik kuchlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

2010 yilning iyulь oyida esa ushlangan 10 nafar rus josusi, Rossiyada AQSh foydasiga josuslikda ayblanib qamalgan to‘rt mahkum - Sergey Skripal, Gennadiy Vasilenko, Igorya Sutyagin va Aleksandr Zaporojskiylarga almashtirildi.

Almashish Vena aeroportida amalga oshirildi.