Kobuldagi mehmonxona otishmasida o‘n kishi nobud bo‘lgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Kobulning Interkontinental mehmonxonasi Afg‘onistondagi eng qattiq qo‘riqlanadigan inshootlardan biri edi

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari tuni bilan isyonchilar hujumiga tutilgan Kobuldagi yirik mehmonxonani qayta qo‘lga kiritishganini aytishmoqda.

Kobul Interkontinental mehmonxonasi tomiga chiqib olgan jangarilar bilan qariyb besh soat otishma kechgan. Nihoyat NATO tikucharlari ko‘makkka kelib, isyonkorlarni o‘qqa tutgan.

Hujumda kamida 10 nafar tinch fuqaro nobud bo‘lgani aytilmoqda. Shohidlarga ko‘ra, mehmonxona hamon olov va tutun ichida qolmoqda.

Harbiy amaliyot tugaganidan keyin mehmonxonada yashiringan bir isyonchi sahar soat yettilarda portlovchi moddani ishga solgan. Kobul politsiyasiga ko‘ra, mehmonxonaga kirmaslik tavsiyalariga qaramay, o‘z xonasiga qaytgan bir ispaniyalik mehmon bu portlashda halok bo‘lgan.

Hozirgacha isyonkorlarning barchasi yakson etilgan. Ikki nafar politsiya zobiti ham qurbon bo‘lgan.

Hujum boshlangan tungi soat ikkilarda mehmonxonada to‘y tugayotgan bo‘lgan.

Ana shu vaqt avvaliga mehmonxona kiraverishida xudkushlik amali uyushtirilgan, ortidan esa kamida olti nafar jangari hamla qilgan. Ba‘zi isnyochilar tomga chiqishgan. Shu asno bir necha soatlik to‘xtovsiz otishma boshlanib ketgan.

Tolibon allaqachon mas‘uliyatni o‘z bo‘yniga oldi. Bu hodisa - Tolibon isyonkorlari kuchaytirayotgan hujumlarning eng so‘nggisidir. Kuzatuvchilarga ko‘ra, ayni hujum orqali Tolibon o‘zining nimaga qodir ekanligini, istasa, Kobulning qoq markazidagi eng qattiq qo‘riqlanadigan inshootlarni ham nishonga ola bilishini namoyish etmoqchi.

Nazoratni afg‘onlarga topshirishgan bag‘ishlangan Chorshanba kungi anjuman oldidan mazkur mehmonxonaga qator mulozimlar va viloyat rasmiylari kelishayotgandi. Ayni damda, ushbu mehmonxona ko‘plab xorijliklar to‘xtaydigan manzil hamdir.

BBC muxbiriga ko‘ra, qattiq qo‘riqlanadigan mehmonxonaga isyonkorlar qilgan hujum Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari nazoratni o‘z qo‘llariga olishga neqadar qodirligi borasida turli savollarni o‘rtaga chiqaradi. Negaki, mehmonxonadagi hujumni to‘xtatish uchun NATO kuchlari yordami zarur bo‘ldi.

Hozirda xalqaro kuchlar bosqichma-bosqich xavfsizlik nazoratini afg‘onlarning o‘zlariga topshirishni boshlashayapti. Lekin Ittifoq kuchlari vakillari butun jarayon Afg‘onistondagi vaziyatga ham bog‘liq bo‘lishini urg‘ulab kelishadi.