Liviya isyonkorlari Qaddofiyning qurol-yaroq omborxonasini egallashdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Qaddofiyning qurollari

Liviya isyonkorlari yer ostida joylashgan yirik qurol-aslaha saqlanadigan omborni qo‘lga kiritishgan.

Zintan shaharchasining chekkasidagi bu ombor bir necha kun avval NATO kuchlari tomonidan bombardimon qilingandi.

Ayni paytda Xalqaro Jinoyat Mahkamasi Qaddofiy ittifoqchilariga murojaat qilib, uni hibsga olish uchun yordam so‘ragan.

Isyonkorlar fevral oyida inqilob harakatlarini boshlashgan va bir oy o‘tib NATOning dastagiga erishishgan edi.

Nafisa adirlarida joylashgan bu omborxonada raketalar, avtomat o‘t ochar va boshqa qurollar topilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, qurol-aslaha omborining topilishi isyonkorlar uchun yirik bir muvaffaqiyatdir.

Isyonkorlar Tripolidan ellik chaqirimcha uzoqda qolishar ekan, yangi qurollar ularning jangovar hamlalari uchun juda qo‘l kelishi aytilmoqda.

BBC muxbiriga ko‘ra, bu omborxonalarning biridan hamon tutun ko‘kka o‘rlamoqda.

Ichkaridagi qurol-aslahalar ham ahyon –ahyonda portlab turibdi.

Omborxonalar majmui juda katta ekanligi aytiladi.

Ayrimlari NATO hujumlari oqibatida butunlay vayron qilingan.

Isyonkorlar shikastlanmagan bunker- yerto‘la omborlardan qurol-aslahalarni o‘z mashinalariga ortishar va har gal yangilari topilganida “ Ollohu Akbar “ deya hayqirishar edi, deb xabar qiladi BBC muxbiri.

NATO uchoqlari Dushanba kuni Zintan mintaqasida Qaddofiyparast kuchlarning uchta tanki va oltita harbiy mashinasini vayron qilishgani aytilmoqda.

Ayni vaqtda Xalqaro Jinoyat Mahkamasi raisi Liviya polkovnik Qaddofiy va uning o‘g‘li Sayf ul – Islom hamda Josuslik xizmati rahbari Abdulla al – Sanussini hibsga olishda ma‘suliyati bor deb aytgan.

Haagadagi matbuot anjumanida Okampo janoblari Qaddofiyning yaqin ittifoqchilari “ muammoning bir qismi va yo muammoning yechimi bo‘lishlari, boshqa liviyaliklar bilan jinoyatlarning oldini olishda hamkorlik qilishlari mumkin”, dedi.