Rossiya Frantsiyaning Liviya isyonkorlariga qurol yetkazganidan g‘azabda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Rossiya Parijdan tushuntirish talab qilmoqda

Rossiya Frantsiyaning Liviya isyonkorlarga havodan qurol-yarog‘ tashlash amalini qattiq tanqid qilib chiqqan va Parijdan rasman tushuntirish talab qilgan.

"Agar bu tasdiqlansa, bu BMT Xavfsizlik Kengashi 1970 rezolyutsiyasining qo‘pol buzilishi bo‘ladi", deydi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.

Janob Lavrov juma kuni Moskvada Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Alan Jupe bilan uchrashishi kutilmoqda.

Venada jurnalistlarga gapirgan NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen NATO havodan qurol tashlash amallariga bosh qo‘shmaganini aytgan.

Xitoy mamlakatlarni Liviya fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan BMT rezolyutsiyasidan tashqari chiqmaslikka undagan.

O‘z qarorini himoya qilarkan, Frantsiya tarafi qurol-aslahalar aynan mana shu maqsadda yetkazilganini aytgan.

Bundan oldin Afrika Ittifoqi Komissiyasi raisi Jan Ping Frantsiyaning Liviya isyonkorlariga havodan qurol-yarog‘ tashlash qarori xavotirli va butun mintaqani xatar ostiga qo‘yishini ta‘kidlagandi.

Ping janoblarining BBCga gapirarkan, mazkur qadam ichki urushlar ichida qolgan Somalidagiga o‘xshash muammolarni yaratish xavfi borligini aytgan.

Frantsiya Liviya poytaxti Tripoli janubi-g‘arbidagi tog‘li Berber mintaqasidagi qavm jangchilariga qurol tashlaganini tasdiqlagan.

Ayrim sharhlovchilar mazkur amal BMT Xavfsizlik Kengashining Liviyaga qarshi qurol-yarog‘ embargosiga zid tushishi mumkinligini aytishgan.

Xavf-xatar

"Ichki urushlar, mamlakatning parchalanish xavfi, Somalidagiga o‘xshash vaziyatni yaratish xavfi, hamma joyda qurol-yaroqqa egalik xavfi...bu xatarlar qo‘shni mamlakatlarni xavotirga soladi", deya ogohlantiradi u.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Ping janoblariga ko‘ra, Afrika Ittifoqining mart oyida ishlab chiqilgan Liviya tinchlik rejasi hamon amaliy kuchga ega.

Ushbu yo‘l xaritasida siyosiy muzokaralar o‘tishiga imkon yaratish uchun otashkesimga chaqiriladi.

Frantsiyaning isyonkorlarga qurol-yarog‘ yetkazgani borasidagi xabar chorshanba kuni La Figaro gazetasida paydo bo‘lgandi.

Gazetaning yozishicha, NATOning Liviyadagi harbiy amaliyotlarida yetakchi kuch-Frantsiya bu haqda ittifoqchilarini ogohlantirmagan.

La Figaroda chop etilgan xabarga ko‘ra, yetkazilgan qurollar sirasiga raketa otuvchi zambaraklar va tankka qarshi snaryadlar kiradi. Frantsiyaning BMTdagi elchisiga ko‘ra, bu qurollar isyonkorlar o‘zlarini himoya qilishlari uchun berilgan.

Bu boradagi qaror o‘tgan aprel oyida Frantsiya Prezidenti Sarkoziy va Liviya isyonkorlari shtabi boshlig‘i General Abdulfattoh Yunus bilan uchrashuvdan so‘ng olingani xabar qilinadi.

Aytilishicha, Frantsiya fevral oyida boshlangan Liviya mojarosida kuchlar teng bo‘lib qolishidan xavotirda bo‘lgan.

Isyonkorlar yaqinda ma‘lum yutuqlarni qo‘lga kirtishgan va Tripoliga qarab ilgarilashlariga umid qiladilar. Ular poytaxtdan 65 chaqirimcha uzoqda joylashgan Nafisa adirlarida yirik qurol-aslaha saqlanadigan omborni qo‘lga kiritishgani xabar qilingandi.

Rossiya va Xitoy NATOning Liviyadagi harbiy amaliyotlarini tanqid qilgan va ushbu hatti-harakatlar amaliyotlarga izn berilgan BMTning 1973 rezolyutsiyasidan tashqariga chiqib ketganini aytgan.

Biroq, Qo‘shma Shtatlar oldiroq qabul qilingan 1970 rezolyutsiya butun Liviyaga qurol-yarog‘ embargosi joriy etgan esa-da, 1973 rezolyutsiya barcha mamlakatlar isyonkorlarni qurol-yarog‘ bilan ta‘minlashiga izn berishini da‘vo qilingandi.