Bin Lodinning bitiklari:Al-Qoida rahbari nimalarni o‘ylagan?

Image caption Bin Lodin qalamiga mansub, deb o‘ylanayotgan mana bu varaqlarda "Al-Qoida" rahbari o‘z nutqlarini yozib, mashq qilgan.

Usama Bin Lodin o‘z umrining so‘nggi davrlarida nimalar haqida o‘ylagan, deysiz?

Abbotobodda u yashagan uydan topilgan qo‘lyozmaga qaraganda, "Al-Qoida" rahbari o‘z nutqlarini mashq qilgan.

Bu bitiklar rostdan ham Bin Lodinning qalamiga mansubmi, yo‘qmi - to‘la aniqlanmagan. Lekin bitiklar "Al-Qoida" rahbari irod etgan nutqlarning qoralamasi, deyilmoqda.

Qizil siyohda yozilgan, g‘ijimlangan va bo‘yalib ketgan ikki varaqdagi arabcha yozuv Bin Lodin yotog‘iga tutash xonadan topilgan.

Ba‘zi yozuvlarga suv to‘kilib chaplashib ketgan, ayrimlari ustidan o‘chirilgan. Ammo ularda dunyoda iqlim isishi haqida, Saudiya Arabistonidagi toshqinlar borasida eslatilgan. Ushbu ikki holat ham Usama Bin Lodinning bir yil avvalgi nutqida bor edi.

Yozuvda, shuningdek, Saudiya qiroli oilasi tanqid qilingan. Bu Bin Lodinning sevimli mavzusidir.

Hali 1996 yili Usama Bin Lodinni intervyu qilgan va "Al-Qoida" bo‘yicha mutaxassis Abdulboriy Atvan mazkur qo‘lyozmani "Bin Lodinga xos bitik", deb ta‘rifladi.

"Bu yozuvlar haqiqatan Bin Lodinga tegishli" - dedi janob Atvan - "Men uni Bin Lodin yozganmi, yoki boshqa birov aytib turganmi - bilmayman. Lekin yozuvning tili, uslubi hamda husnixatga qarab, ushbu bitiklarni Usama Bin Lodin yozgan deyishim mumkin".

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Abbotoboddagi bu uyda Usama Bin Lodin qanday hayot kechirgan, kimdan madad olgan - noma‘lum qolmoqda

AQSh Kongressida aksilterror masalalarida maslahatchi professor Valid Fares ham yozuvning "Al-Qoida" rahbari qalamiga mansubligini urg‘ulaydi.

"U Saudiya Arabistoni kelajagi va boshqaruvi haqida yozgan, bu esa juda strategik ma‘lumot bo‘lib, Bin Lodinga taalluqli ekani aniq".

Lekin bu yozuv Bin Lodinniki bo‘lmasa, u holatda kimning qalamiga mansub bo‘lishi mumkin?

"Qo‘lyozma 13-16 yoshlar chamasi o‘spirinning yozuviga o‘xshaydi" - deydi Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha tahlilchi Abdulla as-Salmiy - "Balk bu yozuvni shu uyda yashagan va uning o‘ldirilishiga guvoh bo‘lgan kenja qizi yozgandir?"

Pokistonning jannatmakon tog‘lari bag‘ridagi mo‘‘jazgina shaharchada yashagan Bin Lodinni AQSh maxsus kuchlari o‘ldirganidan beri ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda.

Avvalo, u Abbotoboddagi uyda AQSh vakillari aytganidek besh yil yashagan bo‘lsa, shuncha vaqt davomida kimdan madad olib kelgan? Pokiston armiyasi va yoki xavvfsizlik xizmatlariga aloqasi bo‘lganmi?

AQShdagi New-York Times nashriga ko‘ra, qo‘l telefonlari tekshiruvlari Pokiston josuslik xizmatlariga ishora qilmoqda. Islomobod bu kabi da‘volarni rad etadi.

Haligacha Abbotoboddagi uyga jurnalistlar kira olishmagan. Pokiston xavfsizlik manbalari esa hamon tekshiruvlar ketayotganini aytishadi.

Hozircha dunyo e‘tiboriga havola etilgan qo‘lyozma esa Usama Bin Lodin hayotining so‘nggi yillari borasida mavjud muhim savollarga javob topib berolganicha yo‘q.