Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilishi AQSh senatorlarini xavotirga solmoqda

Image caption Senatorlarga ko‘ra, Amerika kuchlari chiqib ketgunga qadar Tolibon butkul mag‘lub etilishi lozim

Afg‘onistondan Amerika kuchllarini olib chiqib ketish rejasi ushbu mamlakatda erishilgan yutuqlarni chippakka chiqarishi mumkin.

Uch nafar Amerika senatori xuddi shunday xavotir bilan chiqishgan. Jon MakKeyn, Jo Liberman va Lindsey Grahamning aytishicha, Amerika kuchlari chiqib ketgunga qadar Tolibon butkul mag‘lub etilishi lozim.

Ularning ta‘kidlashlaricha, agar toliblar o‘z qo‘llarida qandaydir kuch qolganini his qilishsa, hech qachon Afg‘oniston hukumati va yo G‘arb bilan murosaga borishmaydi.

Senatorlar Afg‘onistondan xorijiy jangovor qo‘shinlarning kelasi uch yil asnosida olib chiqib ketilishini "keraksiz va xatarli ish" sifatida baholashmoqda.

Tolibon so‘nggi harakatlari va hujumlari esa, afg‘on kuchlari o‘zlari nazoratni eplay olishlari yuzasidan shubhalarni tug‘dirgan.

Tobora ko‘proq odamlar - Sho‘rolar chiqib ketganidan keyingi boshboshdoqlik va ichki nizolar qayta boshlanadimi, degan xavotirdalar.

Amerika senatorlarining xavotirlari naqadar o‘rinli? Bradford universiteti professori Pol Rojers:

Pol Rojers: Balki xavotirga asos bordir. Lekin, aslida bu holat senator MakKeyn va Prezident Obama orasidagi farqni ko‘rsatadi. Agar janob MakKeyn 3 yil oldin prezidentlik saylovida g‘alaba qilganida edi, Afg‘onistonga aynan Tolibonni mag‘lub etish maqsadida qo‘shimcha qo‘shin kiritardi. Janob Obama esa, boshqacha yo‘l tutdi va Tolibonni harbiy jihatdan butunlay mag‘lub etib bo‘lmaydi, degan fikrga keldi. Afg‘onistonga kiritilgan qo‘shimcha kuchlar esa, Amerikaga ustunlik baxsh etish uchun, Tolibon bilan muzokaralarda balandroq ovozda gapira olish uchun imkoniyat yaratadi.

BBC: Biroq, Amerika jangovor kuchlarin olib chiqib ketib, nazoratni afg‘onlarga topshirish haqida gapirayapti. Ayni paytda so‘nggi hujumlarga qaralsa, afg‘on kuchlari hali xavfsizlikni ta‘minlashga qodir ko‘rinmaydi. Rostdan, Amerika kuchlari chiqib ketishsa, Afg‘onistondan sovetlar chiqib ketgan paytdagidek urush va notinchlik boshlanib ketmaydimi?

Pol Rojers: Shaksiz, bunday xavf bor. Amerika hozir Tolibon Afg‘on siyosatida qandaydir o‘rin tutishi kerak degan fikrga kelayapti. To‘g‘ri, butunlay nazoratni Tolibonga berishmoqchi emas, ammo ularni butkul chetga surmoqchi ham emas. Buning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi esa, boshqa masala, albatta. Biroq, Tolibonga siyosiy haq berish Obama ma‘muriyati bergan qaror. Ammo, bu qaror jumhuriyatchi hizbdagi qator siyosatchilar fikriga zid tushadi. Ayni paytda Amerikadagi kelasi saylov uchun Afg‘onitson urushi juda noxush voqe‘lik bo‘lib o‘rtaga chiqmoqda. Shunday holatda Obama amerikaliklarni olib chiqib ketishni boshlashi shak-shubhasizga o‘xshaydi. Ammo, menimcha, bu degani barcha kuchlar chiqib ketishini anglatmaydi. Ko‘rasiz, hali ko‘p qo‘shinlar ancha muddat Afg‘onistonda qoladi.

BBC: Senator Libermanning ogohlantirishicha, Tolibon bilan muzokara boshlashdan oldin, ularni zaif va chorasiz holga keltirib qo‘yish kerak edi. Hozirgi holatida esa, ish bermaydi degan fikrni o‘rtaga surdi. Bu fikrda ham asos bor emasmi?

Pol Rojers: To‘g‘ri, Tolibon jidiy muzokaralarga borishni istayotgani borasida kafolatlar yo‘q. Vashingtondagi siyosatchilar ichida bu borada yakdil fikr yo‘q. Ammo, hozir qator respublikachi siyosatchilar ham Tolibonni harbiy yo‘lda mahv etib bo‘lmasligini aytishmoqda. Mana 10 yillik urushda toliblarni yengib bo‘lmadi va janubi-g‘arbda ularni mustahkam o‘rnashganlar. Shu uchun, amerikaliklar ular bilan muzokara qilish va Afg‘onistonda nazoratni ta‘minlash kerak degan fikrga kelmoqdalar. Chunki, mana Iroq urushi bir oy davom etadi deb o‘ylashgandi. Ammo, Iroqdagi urush 7 yilki cho‘zilib ketmoqda va kamida 150 ming insonning yostig‘i quridi. Ko‘rinishicha, qanchalik ko‘p qurol-aslaha bo‘lmasin, isyonkorlar biron hududda yaxshi o‘rnashgan bo‘lishsa, mahalliy mardum xorijiy kuchlarni qutqazuvchi emas, balki bosqinchi deb qabul qilib qilishsa, ana unda isyonkorlikni yengish imkonsiz ekan. Bundan saboq chiqarish kerak.

BBC: Biroq, Tolibonni qudratga keltirish rejasini Afg‘onistondagi Tojik, Hazora va yo O‘zbeklar qabul qilisharmikan. Chunki ular nazdida Tolibon umum Islomni emas, balki janubdagi pashtuncha Islomni keltiradi va zimdan pashtun millatchiligini yoyadi. Tolibonni siyosatga tortishning o‘zi hali boqsha nizolarag yetaklashi mumkin, shunday emasmi?

Pol Rojers: Bu rejani amalga oshirish juda qiyin. Lekin, boshqa yo‘li yana 10 yillik urush bo‘lishi mumkin. Tolibon tabiatidagi islomiydan ham ko‘ra ko‘proq millatchi jihatlar inobatga olinsa, bu rejani muvaffaqiyatli amalga oshirish juda juda qiyin kechishini to‘la tasavvur qilish mushkul.

BBC: Afg‘onistonni tinchlantirishi uchun federal davlat barpo etish kerak degan fikrlar ham aytilmoqda. Deylik, pashtunlar yashovchi janub, O‘zbeklar yo tojiklar yashovchi shimol degandek...Agar Tolibon bilan qudratni bo‘lashish ish bermasa, Federal Afg‘oniston rejasi ish berishi mumkinmi?

Pol Rojers: Bu ham ehtimoldan soqit qilinmaydi. Turli millatlarning farqini tan oluvchi qandaydir boshqaruvni yo‘lga qo‘yish ham ehtimoldan uzoq emas. Lekin, bu holatda ana shu millatlar orasidagi farqni kuchaytirib yuboradi. Bundan juda ehtiyot bo‘lish kerak, ammo bu ham bir yo‘l bo‘lishi mumkin.