Gurjistonda fotojurnalistlar josuslikda ayblanib qo‘lga olindi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi fotografi Giorgiy Abaladze ham hibsga olingan

Sobiq Sovet davlatlaridan biri Gurjistonda to‘rt nafar fotojurnalist josuslikda ayblanib hibsga olingan.

Suratkashlardan ikki nafari xorijiy axborot agentliklariga ishlashgan.

Qo‘lga olinganlardan biri esa, Prezident Mixail Saakashvilining shaxsiy suratkashi Irakliy Gedenidzedir.

Gurjiston Ichki ishlar vazirligi ularni nomi oshkor qilinmagan xorijiy josuslik xizmatiga ishlaganlikda ayblagan.

Poytaxt Tbilisida jurnalistlar o‘z hamkasblarining hibsga olinishiga norozilik bildirishgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, Gurjistonda jurnalistlar ilk bor josuslikda ayblanishmoqda.

Irakliy Gedenidze, Ovro‘po Pressfoto agentligi suratkashi Zuraba Kurtsikidze, Gurjiston Tashqi ishlar vazirligi fotografi Giorgiy Abaladzelar payshanba kuni ertalab o‘z uylarida hibsga qilinganlar.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Irakliy Gedenidzening rafiqasi Natiya ham qo‘lga olingan. Vazirlik gumondorlar ustidan tergov ishlari allaqachon boshlanganini qo‘shimcha qilgan.

Associated Press fotomuxbiri Shax Ayvazov ham hibs qilingan, ammo bir necha soatdan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Josuslik gumoni bo‘yicha hibslar birinchisi emas

Suratkashlarning yaqinlariga ko‘ra, oddiy kiyim-boshdagi politsiya xodimlari kutilmaganda kirib kelishgan va fotokameralar hamda kompyuterlarni musodara qilishgan.

Gurjiston rasmiylari josuslikda gumon qilinganlar qo‘lga tushirilgani haqida ilk bor e‘lon qilayotganlari yo‘q.

O‘tmishda gumondorlar Rossiyaga ishlaganlikda ayblangandi. Har safar josuslik bilan bog‘liq ishlar Moskva tarafidan g‘azabnok munosabatga sabab bo‘ladi.

O‘tgan noyabr oyida 13 kishi Rossiya harbiy josuslik xizmatiga ishlaganlikda ayblanib hibs qilingandi.

Kreml ushbu da‘volarni maynavozchilik deya rad etgan va Gurjiston josuslik vasvasasiga chalinganini aytgandi.

2006 yil josuslikda gumon qilingan to‘rt rossiyalik hibsga olingani televizion orqali namoyish qilinarkan, Rossiyadan yuzlab gurjistonliklar chiqarib yuborilgandi.

Bu safargi hodisaning avvalgilaridan farqi shundaki, endi jurnalistlar josusliklikda ayblanishmoqda.