News of the World yopilib, sobiq muharriri hibsga olingan

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption O‘tgan 168 yil davomida faoliyat yuritib kelgan nashr shu yakshanba kuni oxirgi marta chop etiladi.

News of the World sobiq muharriri Andy Coulson telefonlarni noqonuniy tinglash mojarosi ortidan hibsga olingan.

Britaniya Bosh vaziri David Cameronga ko‘ra, siyosatchilar, taniqli shaxslar, terror qurbonlari hamda xorijda halok bo‘lgan britan askarlari yaqinlarining telefonlarini tinglash mojarosi batafsil tekshirib chiqiladi.

Janob Coulson so‘nggi paytlari Britaniya Bosh vaziri David Cameronning matbuot kotibi sifatida ishlagan edi.

Ammo u odamlarning telefonlari qonunga zid ravishda tinglangani haqida bilmaganini aytmoqda.

Oldi-qochdi xabarlari bilan mashhur va yakshanba kunlardagi eng xaridorgir gazeta bo‘lmish News of the World aynan telefonlarni noqonuniy eshitish mojarosi bois bir kun oldin yopilgandi.

News International mediaguruhi Direktorlar Kengashi rahbari James Mardockning ma‘lum qilishicha, 168 yil davomida faoliyat yuritgan nashr so‘nggi yillari bir necha bor xatoga yo‘l qo‘ygan va shu yakshanba kuni so‘nggi bor chop etiladi.

News of the World nashri avvaliga bir necha nafar siyosatchi va mashhur shaxslarning telefonlarini tinglagan, degan xabarlar o‘rtaga chiqqandi.

Keyinroq esa 2005 yilgi London portlashlari qurbonlari telefonlarini ham noqonuniy ravishda tinglagani oydinlashgan.

Hatto Iroq va Afg‘onistonda halok bo‘lgan Britaniya askarlari yaqinlarining telefonlari ham eshitilgan.

Bir necha yil oldin yo‘qolgan angliyalik o‘spirin qizning telefoniga ham kirib borgan va uni izlayotgan do‘stlari hamda yaqinlari qoldirgan xabarlarni tinglagani va xotira bo‘lmasi to‘lib qolgan paytlari esa, hatto ayrim ovozli xabarlarni o‘chirgani haqida ham aytiladi.

Ayni damda, News of the World nashri bu ishlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish uchun ba‘zi politsiya xodimlariga pul bergani ehtimollari ham tekshirilmoqda.