AQSh Pokistonga 800 million dollarlik harbiy yordamni to‘xtatadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Qo‘shma Shtatlar Pokistonga mo‘ljallangan 800 million dollarlik harbiy yordamini to‘xtatishini ma‘lum qildi.

Oq Uy ma‘muriyati boshlig‘i Bill Daley ABC televideniyesiga "Pokiston bizni yordamlarimizni to‘xtatib turishga undagan ba‘zi qadamlarni tashladi," deb aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, may oyida Usama Bin Lodinni o‘ldirish bo‘yicha o‘tkazilgan amaliyot ikki mamlakat aloqalariga ta‘sir ko‘rsatgan.

Ammo Bill Daley ushbu munosabatlar "vaqt o‘tishi bilan o‘nglanadi," deb ishontirgan.

800 million dollar yordam Qo‘shma Shtatlar tomonidan Pokiston xavfsizligini ta‘minlash uchun har yili ajratiladigan mablag‘ning taxminan uchdan ikki qismiga tengdir, deyishadi amerikalik rasmiylar.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasiga o‘tgan yil kuzida taqdim etilgan raqamlarga ko‘ra, Pokistonning 2010-2011 yillarda mudofaa sohasi uchun ajratajak mablag‘i 6,41 milliard dollar deb ko‘rsatilgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 1,27 milliard dollar ko‘proqdir.

"Qiyinchiliklar" ABC televideniyesining "Shu Hafta" ko‘rsatuvida gapirgan janob Daley Pokistonning "terrorizmga qarshi urushda muhim ittifoqchi" bo‘lganini e‘tirof etgan.

"Ular keng ko‘lamli terrorizm qurboni bo‘lishdi," deb aytgan Bill Daley.

Uning qo‘shimcha qilishicha: "Bu dunyoning o‘ta qiyin, murakkab nuqtasidagi chigil munosabatlardir. Pokiston siyosiy tizimida haliyam ko‘plab og‘riqli nuqtalar borligi aniq".

"New York Times" gazetasi avvalroq AQSh yuqori mulozimlariga iqtibosan to‘xtatilayotgan harbiy yordamning Pokiston xavfsizligini ta‘minlash uchun AQSh tomonidan ajratiladigan yillik yordamning uchdan biriga teng ekanini ma‘lum qilgandi.

Gazetaning aytishicha, mazkur qadam bilan Qo‘shma Shtatlar o‘z harbiy mutaxassislarining Pokistondan chiqarib yuborilishidan darg‘azab bo‘lganini ko‘rsatib qo‘ymoqchi va jangarilarga qarshi amaliyotlarni kuchaytirish talabi bilan Pokistonga bosimlarini kuchaytirmoqchi.

"New York Times"ning aytishicha, to‘xtalayotgan harbiy yordamning bir qismiga Pokistonga harbiy tajhizot yuborilishi kerak edi.

Vashingtondagi BBC muxbiri Rajesh Mirchandanining aytishicha, harbiy yordamning to‘xtatilishi AQShning Pokistonga nisbatan siyosati o‘zgarayotganiga yaqqol misol bo‘la oladi.

Vashington haliyam Pokistonni al-Qoida va Tolibon jangchilariga qarshi kurashda muhim mamlakat sifatida ko‘radi.

Jangarilar Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh qabila mintaqalarida boshpana topganlar.

Biroq Bin Lodinning bir necha yil davomida Abbotabad shahridagi Pokistonning yirik harbiy bazasi yaqinida jon saqlagani aniq bo‘lishi ortidan AQSh Kongressining ko‘plab vakillari Pokistonga berilayotgan harbiy yordamlar ko‘lamini savol ostiga olishdi.

Islomoboddagi BBC muxbiri Olim Maqbulga ko‘ra, Pokistondagi harbiy manbalar AQSh yordamining to‘xtatilayotgani borasida hech narsa eshitmaganini aytganlar.

Pokistonning AQShdagi sobiq elchisi, Maliha Lo‘dhiy BBCga AQSh qadami aks samara berishi mumkinligini aytdi.

"Vashingtonda Pokiston armiyasi va xalqi ustidan hech qanday ta‘sir kuchi qolmaydi, chunki Amerika hatti-harakatlari Pokistonni jazolashga qaratilgan amal sifatida baholanishi mumkin," deb aytdi Maliha Lo‘dhiy.