O‘zbekistonda alkogol va tamaki iste‘molini cheklovchi qonun chiqdi

Image caption Yangi qonun chekish mumkin bo‘lgan joylarni keskin cheklaydi

O‘zbekiston Oliy Majlisining qonun chiqaruvchi palatasi "Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi va iste‘mol qilinishini cheklash" haqida qonunni qabul qilgan.

Endi qonunni O‘zbekiston Senati tasdiqlashi kutiladi.

Gazeta.uz veb sahifasi yozishicha, mazkur qonun tamaki va spirtli ichimliklarning fuqarolar salomatligi, ayniqsa yoshlar sog‘ligiga salbiy ta‘sirini kamaytirishga qaratilgan.

Qonun davlat idoralarining vazifa va vakolatlarini belgilash bilan bir vaqtda alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi, sotilishi va reklamasini nazorat etuvchi qonuniy normalarni belgilab beradi.

Qonunda, jumladan, tamaki va spirtli ichimliklarni qadoqlash va tamg‘a bosish, hamda sotuvchilarning iste‘molchi yoshini aniqlash kabi majburiyatlari aniqlangan.

Xususan, 20 yoshga yetmagan shaxslarning alkogol va tamaki mahsulotlarinini iste‘mol qilish yoki sotishga jalb qilganlar javobgarlikka tortiladi.

Unda alkogol va tamaki mahsulotlarining iste‘mol etilishini man qilingan joylar ro‘yxati ham keltiriladi: masalan, bu mahsulotlarning ish joylarida, sog‘liqni saqlash muassasalarida, ta‘lim va sog‘lomlashtirish muassasalari, hukumat idoralari, savdo va oziq-ovqat ob‘ektlari, kinoteatrlar, teatrlar, tsirk, kontsert va ko‘rgazma zallari, muzeylar, kutubxonalar, bolalar va yoshlar dam olish maskanlarida iste‘mol qilinishi taqiqlanadi.

Tamaki va alkogolga taqiqlov jamoat transporti va bekatlar, ko‘chalar, stadionlar, hiyobonlar, istirohat bog‘lari, ko‘p qavatli uylar egalari foydalanuvchi umumiy hududlar va boshqa jamoat joylarini ham o‘z ichiga oladi.

Chekuvchilar endi faqat maxsus ajratilgan joylarda va yopiq yoki havosi almashib turadigan xonalarda chekishlari mumkin.

Qonun aeroportlar, temir yo‘llari bekatlari va avtobus stantsiyalariga 500 metr radiusda bo‘lgan joylarda tamaki va spirtli ichimliklar sotilishini taqiqlaydi.