Putinni mukofotlash qarori Olmoniyada mojaroga sabab bo‘ldi

Image caption "Kvadriga" Berlindagi Brandenburg darvozasi ustida o‘rnatilgan haykal nomi bilan atalgan

Qator olmoniyalik siyosatchilar mamlakatning eng nufuzli mukofotlaridan biri hisoblangan "Kvadriga" bilan Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinni taqdirlash qarorini tanqid qilmoqdalar.

Tanqidchilarga ko‘ra, "Kvadriga" mukofoti kommunistik tuzum qulaganidan keyingi ikki Olmoniya birlashuvi munosabati ta‘sis etilgan munosabat va bu mukofot bilan demokratiya va inson huquqlari taraqqiyotiga hissa qo‘shgan insonlar taqdirlanishi kerak.

Vladimir Putin esa buning aynan teskarisini qilgan, demoqdalar tanqidchilar.

"Kvadriga" mukofoti mustaqil qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, Vladimir Putin "Sovuq urush" tugaganidan keyin Rossiya bilan Olmoniya munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun tanlangan.

Bu mukofot bilan "kashshoflik ruhiga ega" hamda "ijtimoiy farovonlik" intilgan yetuk siyosatchilar, iqtisodiyot va madaniyat namoyandalarini taqdirlash mo‘ljallangan.

"Kvadriga" Berlindagi Brandenburg darvozasi ustida o‘rnatilgan haykal nomi bilan atalgan va unda aravaga qo‘shilgan to‘rt ot aks etgan.

Mukofotni topshirish marosimi ikki Olmoniya birlashgan kun - 3 oktyabrda o‘tkaziladi, "Kvadriga" mukofoti sohibiga 100 ming yevro ham topshiriladi.

Bundan oldin "Kvadriga" mukofoti bilan Olmoniyaning sobiq kantslerlari Helmut Kol, Gerxard Shryoder, sobiq SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov, Chexoslovakiya sobiq prezidenti Vatslav Havel, Ovro‘po Komissiyasi raisi Joze Manel Barrozo taqdirlanganlar.