Mumbaidagi uchta portlash ortidan hind shaharlari xushyor tortgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Mumbayliklar uch yil avvalgi yirik hujumlarni hali unutib ulgurmaganlar

Uchta portlash Mumbay tijoriy markazini titratib, 18 odamni o‘ldirishi ortidan Hindiston shaharlari o‘ta xushyor tortgan.

Hindiston Bosh Vaziri Manmuhan Singx Mumbay aholisiga murojaat qilib, "tinchlanish va birdamlikni namoyish qilish"ga chaqirgan.

Chorshanba kuni kechqurun Mumbayning uch tumanida yuz bergan portlashlar uchun hech qanday guruh javobgarlikni o‘z bo‘yniga olgani yo‘q.

Bu hujumlar 2008 nobyarida Mumbayda yuz bergan hujumlarda beri eng halokatlisi bo‘lmoqda. U hujumlar uch kun davom etib, 165 kishi qurolli kishilar qo‘lida nobud bo‘lgandi.

2008 yilgi hujumlarni Pokistonda joylashgan jangarilar amalga oshirganlikda ayblanishgan. Rasmiy Islomobod Mumbaydagi oxirgi hujumlarni zudlik bilan qoraladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham hujumni qoraladi, va uni "jirkanch" deya tasvirlab, "terrorizmning barcha turlariga qarshi kurashish"ini bildirdi.

Javobgar kim? Hindiston Ichki Ishlar Vaziri Pi Chidambaram portlashlar bir-biridan bir necha daqiqa farq bilan yuz bergani tufayli "terrorchilar tomonidan yaxshi muvofiqlashtirilgan" ekaniga ishonishini bildirdi.

Biroq, u hujumlar ortida kim turgani borasida fikr yuritishga juda erta ekanini aytdi.

"Bu kabi hujumlarni amalga oshirishga qodir bo‘lgan har qanday guruh gumon qilinadi. Buni har tomonlama tergov qilamiz va har qanday shubhali jihatni tekshiramiz," dedi u muxbirlar bilan suhbatda.

Janob Chidambaram oxirgi hujumlar borasida avvaldan hech qanday josuslik ma‘lumoti olinmagani va bu hujumchilar "juda yashirin holda ishlagan va bir-biri bilan muloqot qilmagan juda kichik guruh" bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.

Uchta bomba mahalliy vaqt bilan 18:50da boshlanib, 15 daqiqa ichida sodir bo‘lgani xabar qilinadi.

Eng yirigi qimmatbaho taqinchoqlar savdogarlari amal qiladigan Opera Xaus biznes mavzesida yuz bergan.

"Biz tashqariga chiqsak, hammayoqni qora tutun qoplagandi. Ko‘chalarda odamlarning jasadlari sochilib yotgandi, qonga belangan... Biz oyoq yo qo‘llari uzilib ketgan jasadlarni ko‘rdik," dedi Aagam Doshi ismli guvoh.

Ikkinchi portlash shahar markazidagi oltin bozori bilan tanilgan Dadar tumanida, uchinchisi esa Zaveri Bozor hududida yuz bergan.

Janob Chidambaram bironta ham bomba uzoqdan nazorat etilmaganini bildirdi.

Poytaxt Dehli, Kalkutta va boshqa qator shaharlarda politsiya xushyor tortgan. Savdo markazlari, kinoteartlar, parklar va naqliyot terminallarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.