Jahon Uyg‘urlari Kongressi: Ho‘tandagi to‘qnashuvda 20 odam halok bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи REUTERS

Xitoy shimoli-g‘arbidagi Shinjon bo‘lgasida politsiya va namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda 20 odam halok bo‘lgan, deya xabar beradi xorijdagi uyg‘ur guruhi.

Xitoy matbuoti davlat mulozimiga iqtibosan dushanba kuni yuz bergan to‘qnashuvni "terrorchilik" hujumi deya atagan hamda olomonning Ho‘tan shahridagi politsiya bo‘linmasiga hujum qilgani va natijada bir politsiya zobiti doxil to‘rt odam halok bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Biroq uyg‘ur faollari hodisani Xitoy hukumatiga nisbatan oddiy uyg‘urlar nafratining oshkora ko‘rinishi deb ataganlar va rasmiylarni qonli hodisaga bog‘liq ma‘lumotni berkitishga urinishda ayblaganlar.

Markazi Olmoniyada joylashgan Jahon Uyg‘urlari Kongressining Shinjondagi o‘z manbalariga iqtibosan xabar berishicha, Xitoy xavfsizlik kuchlari tartibsizliklar chog‘ida 14 insonni kaltaklab o‘ldirishgan va yana olti kishini otib tashlashgan.

Shinjon bo‘lgasi poytaxti Urumchi 2009 yilda qonli etnik zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgandi.

Xitoy hukumati ma‘lumotlariga ko‘ra, xanlar va uyg‘urlar o‘rtasida yuz bergan mazkur to‘qnashuvlarda 200 odam halok bo‘lgan va 1700 kishi yaralangan edi.

Jahon Uyg‘urlari Kongressining so‘zchisi To‘lqin Oysarning BBCga aytishicha, Xitoy politsiyasi so‘nggi ikki hafta davomida hibsga olingan yaqinlari taqdirini bilish uchun Ho‘tan markaziy maydoniga to‘plangan yuzdan ortiq uyg‘urlarga nisbatan kuch ishlatishi oqibatida kamida 20 odam halok bo‘lgan va yana ko‘plar yaralangan.

Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar shaharning gavjum bozori yaqinidagi politsiya bo‘linmasini yoqib yuborganlar.

To‘lqin Oysarning aytishicha, Ho‘tan shahrida vaziyat tarangligicha qolmoqda: shaharga kirish va chiqish yo‘llari berkitilgan; qo‘shimcha politsiya kuchlari yuborilgan.

Frans-Press xabar agentligiga ko‘ra, Ho‘tan hukumati shahardagi so‘nggi vaziyat borasida ma‘lumot berishdan bosh tortgan.