Amerika rasmiylari Muammar Qaddofiy vakillari bilan uchrashganlar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Musa Ibrohimning aytishicha, ushbu uchrashuv "Liviya-Amerika munosabatlarini to‘g‘rilashda" muhim qadam.

AQSh Davlat departamenti 16 iyul kuni Tunisda polkovnik Muammar Qaddofiy vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan.

Amerika rasmiylariga ko‘ra, buni muzokara deb bo‘lmaydi, biroq "yuzma-yuz uchrashuv"da Muammar Qaddofiy hokimiyatdan ketishi lozimligi aytilgan.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, uchrashuvda AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq bo‘yicha yordamchisi Jeffri Feltman va Amerikaning Liviyadagi elchisi Jin Kretts ishtirok etganlar.

Qaddofiy hukumatini kim taqdim etgani ma‘lum qilinmagan.

Amerika tashqi siyosat idorasi bayonotiga ko‘ra, "Liviya xalqi irodasi va istagini aks ettirgan siyosiy jarayon boshlanishi uchun Qaddofiy hokimiyatdan voz kechishi lozimligi oddiy va aniq qilib aytilgan".

Liviya hukumatining so‘zchisi Musa Ibrohim aytishicha, rasmiy Tripoli Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muloqot tarafdori, lekin oldindan biror bir shart qo‘yilmasligi kerak.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tunisdagi uchrashuv "Liviya-Amerika munosabatlarini to‘g‘rilashda" muhim qadamdir.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Isyonkorlar Brega shahri ustidan nazoratni qo‘lga olganlarini aytganlar

"Biz hamma narsani muhokama qilishga tayyormiz, faqat oldindan shart qo‘ymang. Liviyaliklar o‘z kelajaklarini o‘zlari belgilashlari kerak", deb aytgan Musa Ibrohim.

Ayni paytda Liviya isyonkorlarni neft ta‘minotida juda muhim sanalgan Brega shahri ustidan nazoratni qo‘lga olganlari haqida e‘lon qilganlar.

Isyonkorlarga ko‘ra, Qaddofiy qo‘shinlari Ras Lanuf shahri tomonga chekinishayapti.

Biroq Liviya hukumatiga ko‘ra, Qaddofiyga sodiq kuchlar hamon Brega shahrini nazorat qilib turishipti.

Fevral oyidan buyon Brega shahri bir necha marta isyonkorlar va Qaddofiy qo‘shinlariga qo‘liga o‘tgan.

Muxbirlarga ko‘ra, Breganing aksilqaddofiy kuchlar nazoratiga o‘tishi isyonkorlarning ulkan g‘alabasi bo‘lishi mumkin.