Afg‘on kuchlari va isyonkorlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar yana insonlar umriga zomin bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Qandahordagi hujumda 3 politsiya xodimi nobud bo‘lgan

Qandahorda Afg‘on politsiyasi bilan isyonchilar o‘rtasida yuz bergan kuchli to‘qnashuvda kamida uch politsiya xodimi halok bo‘lgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, isyonchilar joylashgan uy ishg‘ol qilingan va ikki kishi politsiya tomonidan qo‘lga olingan.

Rasmiylarning aytishicha, ular politsiya jamlog‘iga qarshi hujumni rejalashtirganlar.

Bundan tashqari, to‘rt tinch fuqaro shimoliy Mozori Sharif shahridagi bomba hujumida halok bo‘lgan.

Bu shahardagi xavfsizlik ma‘suliyatini shu haftada xalqaro kuchlardan Afg‘on politsiyasi va armiyasiga topshirish mo‘ljallangan.

Bombani velosipediga o‘rnatgan xudkush hujumchi o‘zini Mozori Sharifning Dashti Shor hududida portlatgan, deya xabar qilgan mahalliy politsiya boshlig‘i.

Natijada, olti kishi, jumladan ikki bola jarohat olishgan.

Mozori Sharif Prezident Hamid Karzay e‘lon qilgan xavfsizlik nazoratini NATO kuchlaridan mahalliy qo‘shinlarga o‘tkazish rejasida ko‘zda tutilgan 7 hududdan biridir.

Ma‘suliyatni topshirish barcha nazoratni 2014 yilda xorijiy qo‘shinlardan olish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri deb ko‘riladi.

Qo‘lbola bombalar

Qandahordagi jang mahalliy vaqt bilan ertalabki 8:30 larda boshlanib, bir soatdan ortiq davom etgan va politsiya kuchlari bino ichkarisiga kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

"Politsiya 1-tumandagi uyda bir necha terrorchi borligi xaqidagi xabarni olgach, binoga yaqinlashganlar va ichkaridagilarga taslim bo‘lish buyrug‘ini bergan. Lekin terrorchilar buni rad etib, dang boshlashgan. Natijada ikki terrorchi, jumladan Tolibonning taniqli qo‘mondoni Mulla Kar o‘ldirildi", deb aytgan Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi Siddiq Siddiqiy.

Mahalliy fuqarolarning aytishicha, hudud Afg‘on politsiyasi va tashqi kuchlar tomonidan seshanba kuni kechgacha o‘rab olingan.

Siddiq Siddiqiy so‘zlariga ko‘ra, harbiy amaliyotdan keyin bu uyda qo‘lbola bombalar va boshqa qurol-yarog‘lar topilgan.