NATO beqaror Lashkargoh xavfsizligi mas‘uliyatini afg‘on kuchlariga topshirdi

Image caption Xavfsizlik mas‘uliyati topshirilganidan so‘ng xorijiy qo‘shinlar zimmasiga afg‘on xavfsizlik kuchlarini tayyorlovdan o‘tkazish va asbob-uskunalar bilan ta‘minlash yuklanadi.

Afg‘onistonning notinch Helmand viloyatidagi Britaniya qo‘shinlari Lashkargoh shahri xavfsizlik mas‘uliyatini afg‘on kuchlari zimmasiga topshirishgan.

Nisbatan tinch Bomiyon viloyati va sharqiy Mehtarlam shaharchasi nazorati allaqachon afg‘onlar qo‘liga o‘tgan.

Ammo, muxbirlarga ko‘ra, Lashkargohda barqarorlikni ushlab turish mahalliy kuchlar uchun o‘ta jiddiy sinov bo‘lishi tayin.

Shahar xavfsizlik mas‘uliyatining afg‘on qo‘shinlariga topshirilishi 2014 yilga borib jangavor amaliyotlar nihoya topishi uchun tashlangan o‘ta muhim qadam sifatida ko‘riladi.

NATO sharqiy Lag‘mon viloyati markazi Mehtarlam nazoratini seshanba kuni afg‘onlarga topshirgandi. Mehtarlam nisbatan tinch hisoblanadi, ammo rasmiy marosim payti shahar yaqinida raketa hujumi yuz bergani borasida xabarlar bor.

O‘tgan mart oyi Prezident Karzay yettita mintaqa xavfsizligi mahalliy qo‘shinlarga topshirilishi rejalanganini e‘lon qilgandi.

Rejaga muvofiq endi Kobul, Panshir viloyatlari, Hirot, Mazori Sharif shaharlari nazorati afg‘onlar qo‘liga o‘tishi kutilmoqda.

Kuzatuvchilar afg‘on qo‘shinlari uchun eng katta qiyinchilik hamon Tolibon isyonkorlari faol qolayotgan Helmand viloyati poytaxti Lashkargoh bo‘ladi degan fikrga qo‘shiladilar.

Dushanba kuni shahar yaqinidagi nazorat nuqtasida 7 nafar politsiya xodimi o‘ldirilgan. Shanba kuni hududda patrullik qilib yurgan Britaniya askarlaridan biri nobud bo‘lgandi. Ayrim xabarlarga ko‘ra, u afg‘on armiyasi kiyim-boshida bo‘lgan shaxs tarafidan nishonga olingan.

'Hali qilinadigan ishlar ko‘p'

Image caption Lashkargoh-Afg‘oniston janubidagi notinch Helmand viloyati markazi Tarixda Bost deb atalgan ushbu shaharga 1,000 yillar oldin asos solingan Va Mahmud G‘aznaviy podsholigining yirik shaharlaridan biri bo‘lgan Zamonaviy shahar 1950 yillarda irrigatsiya loyihasi bo‘yicha ishlagan AQSh muhandislari qarorgohi sifatida barpo etilgan 2006 yildagi statistik raqamlarga ko‘ra, Lashkargoh aholini 35, 900ni tashkil etadi

Afg‘onistonda NATO kuchlari safida 10, 000 ming atrofidagi britan askarlari xizmat qilishadi va ularning aksari Helmandda joylashtirilgan.

Afg‘onistondagi Britaniya qo‘shinlarini olib chiqib ketish jarayoni 2014 yil oxirlaricha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Ammo, bir necha kun oldin Buyuk Britaniya parlamenti a‘zolari ushbu rejani tanqid ostiga olishdi. Ularga ko‘ra, askarlarni erta olib chiqib ketish u yerda qoladigan qo‘shinlarni "xatarli bir ravishda zaiflashtiradi".

Parlament Mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi, shuningdek, 2014 yil oxirlarigacha xalqaro kuchlarning Afg‘onistonni tark etish rejasi koalitsiya strategiyasiga salbiy ta‘sir qilishini aytishgan.

Britaniya Mudofaa vaziri Liam Foks esa, "hali qilinishi kerak lozim ishlar ko‘p" bo‘lsa-da, rejani o‘z vaqtida amalga oshirish imkonli ekanini ta‘kidlagan.

Muxbirlarga ko‘ra, talofatlar soni oshayotganiga qaramay, Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlari soni oshirilishi va afg‘on politsiyasi hamda armiyasi safiga o‘n minglab yangi kuchlar yollanishi mamlakatning qator mintaqalarida xavfsizlik vaziyatini yaxshilashga xizmat qilgan.

Ammo, afg‘on politsiyasi va askarlari kuchlari turlicha ekani, Tolibon tarafidan kutilayotgan yozgi hujumlarga bardosh berolmasligi mumkinligi yuzasidan xavotirlar bor.

Ayniqsa, Helmand masalasida bu qo‘rquvlar kuchliroqdir, chunki afg‘on politsiyasi xavfsizlik nazoratini qo‘lga olishda muhim rol o‘ynaydi, ammo, politsiya xizmatidagi korruptsiya darajasi yuqoriligi hamda axloqiy normalarga rioya qilinmasligi yuzasidan jiddiy xavotirlar bor.

Yuqori martabali shaxslarga hujumlar

Karzay janoblari xavfsizlik mas‘uliyati afg‘onlar qo‘liga o‘tishi haqida e‘lon qilishi ortidan Afg‘oniston bo‘ylab zo‘ravonliklar kuchaygan.

Xavfsizlik nazoratini topshirish jarayoni boshlanishidan bir necha haftagina oldin yetti nafar BMT xodimi Mazori-Sharifdagi noroziliklar payti o‘ldirilgandi.

Kobuldagi hashamatli mehmonxonaga hujum 22 insonning umriga zomin bo‘ldi. Bomiyonda xavfsizlikni topshirishga bag‘ishlangan rasmiy marosimdan bir necha soat o‘tib esa, jangarilar Prezident asosiy maslahatchilaridan birini Kobuldagi uyida o‘ldirib ketishdi.

Bomiyon nazoratini topshirarkan, NATO Bosh kotibi Anders Fog Rassmusen bu yo‘ldagi har bir qadam "joylardagi sharoitlardan kelib chiqib olinishi"ni aytdi.

Jangovar amaliyotlar yakunlanganidan so‘ng, xorijiy qo‘shinlar zimmasiga afg‘on xavfsizlik kuchlarini tayyorlovdan o‘tkazish va asbob-uskunalar bilan ta‘minlash yuklanadi.

Hozir Afg‘onistonda 140,000 atrofida xorijiy qo‘shinlar joylashtirilgan, ularning qariyb 100,000ga yaqini Qo‘shma Shtatlar kuchlari tashkil etadi. Ular hamon Tolibon isyonkorligiga qarshi kurash olib borishmoqda.