Gaaga ro‘yxatidagi oxirgi serb qo‘mondoni Goran Xadjich qo‘lga olindi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Goran Xadjich Gaaga tribunalida mahkamaga tortilishi kutiladi

Serbiya hukumati Birlashgan Millatlar tribunali orderi bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan oxirgi shaxsni qo‘lga olganini ma‘lum qildi.

Qo‘lga olingan Goran Xadjich Xorvatiyada 1991-1995 yillarda yuz bergan urushda xorvatiyalik serblar otryadiga qo‘mondonlik qilgan va tan olinmagan Serbskaya Kraina respublikasining rahbari bo‘lgan.

Xadjich umumiy hisobda 14ta ayblov, xususan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar, qotilliklar, qatl etishlar, qiynoqlar va 20 mingdan oshiq insonning Vukovar shahridan majburlab ko‘chirish ayblovlariga yuz tutmoqda.

Xadjichning qo‘lga olinishi bilan bog‘liqlikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Serbiya Prezidenti Borich Tadich "tribunal bilan aloqalaridagi eng qiyin sahifani yopgan"ini bildirdi.

"Biz yuridik va ahloqiy majburiyatlarimizni bajardik," deya qo‘shimcha qildi u.

Gaaga Tribunali ro‘yxatida 161 shaxs qayd qilingandi. Shu paytgacha faqat Goran Xadjich ozodlikda qolayotgandi.

Serbiya hukumati uning poytaxt Belgrad shimolidagi Frushka-Gora tumanida qarindoshlarining uyi yaqinida qo‘lga olinganini xabar qilishdi.

BBC muxbiri Mark Louenga ko‘ra, ko‘plar uning aynan shu yerda yashab kelayotganini avvaldan shubha qilishardi.

Xadjich yetti yil avval Belgraddagi hukumat Gaaga tribunali tomonidan rasman ilgari surilgan ayblovlarni olgach, yashiringan.

Uning qo‘lga tushirilishiga yetaklashi mumkin bo‘lgan ma‘lumot uchun 1.4 million dollar mukofot puli va‘da qilingandi.

Ikki hafta avval Bosniya serblarining sobiq qo‘mondoni Ratko Mladich hibsga olingandi.

Ovro‘po Komissiyasi rahbari Joze-Manuel Barrozo Xadjichning qo‘lga olinganini hush qarshi oldi va u yaqin orada Gaagaga keltirilishiga umid qilayotganini bildirdi.