Ovro‘po Ittifoqi qarz bo‘hroniga yechim topishga umid qilmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Euro taqdiri Brusselga yig‘ilganlar asosiy diqqat e‘tiborida

Ovro‘po Ittifoqi liderlari yevro pul birligi amalda bo‘lgan mamlakatlarda vujudga kelgan qarz bo‘hroniga yechim topish uchun Bryusselda favqulodda muzokaralar olib borishmoqda.

Ular ulkan qarz botqog‘iga botgan Yunonistonga ikkinchi bor moliyaviy yordam berish masalasida bir to‘xtamga kelishlari lozim bo‘ladi.

Yunonistondagi vaziyat Italiya va Ispaniyaga ham tahdid solishi mumkin.

Ayrim iqtisodchilarga ko‘ra, hattoki, yevro pul birligi ham xavf ostida.

Ovro‘po Ittifoqi hukumatlari va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi Yunonistonga 11 milliard dollar qarz bergan va hozirda yana shuncha raqam muhokama qilinmoqda.

Muammo butun yevro loyihasining naqd yuragiga borib taqaladi.

Ovro‘poda mushtarak pul birligi loyihasiga ko‘ra, yevro dollarga raqib mustahkam global valyuta bo‘lishi kerak edi.

Ammo yevro qarz olishni osonlashtirgan va natijada Yunonistonga o‘xshash Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo iqtisodi zaif ayrim davlatlar pulni orqa-o‘ngiga qaramay sarflashni boshlaganlar.

2004 yili Afinada bo‘lib o‘tgan olimpiya uyinlari bunga misol bo‘la oladi.

Oliymaqom, juda ham qimmat va byudjetdan oshib ketgan bu o‘yinlar Yunonistonning zimmasidagi qarzni yanada ko‘paytirdi.

Yevroning taqdiri Global iqtisod zaiflashgan payt Yunoniston kabi mamlakatlar muammosi yanada chuqurlashdi.

Odamlar ishlarini yo‘qotishdi, bizneslar yopildi. Natijada soliq tushumlari kamaydi va bu, o‘z navbatida, ijtimoiy sohalarga xarajatlarni qisqartirishga majbur qildi.

Davlat qarzining yirikligi tufayli qarz beruvchilar yoki tijoriy yo‘lda qarz berganlar bu davlat qarzini qaytarib to‘lay olishiga shubha qila boshladilar.

Hozirda yevroni saqlab qolish uchun hozirda turli stsenariylar haqida gapirilayapti.

Jumladan, Yunonistonga o‘xshagan zaifroq davlatlarning yevro hududidan chiqishi.

Aniq bo‘lgan narsa shuki, qarz inqirozi yoyilmokda.

Agar Yunoniston qarzini to‘lay olmasa, bu unga qarz bergan ko‘plab banklar uchun falokat bo‘ladi.

Shuning uchun ham Ovro‘po davlatlari yelkama-elka turib, azobni birgalikda tortishga mahkumlar.