Olmoniya rasmiylari: "O‘zbekiston Islomiy harakati"ning targ‘ibotchisi hibsga olindi

Olmoniya huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, 21 yoshli Afg‘oniston fuqarosi "Al-Qoida" va "O‘zbekiston Islomiy harakati"ga a‘zolik gumoni bilan hibsga olingan.

Rasmiylarga ko‘ra, gumondor "Al-Qoida" tarmog‘iga yangi a‘zolarni yollash va "O‘zbekiston Islomiy harakati" uchun mablag‘ to‘plaganlikda gumon etilayapti.

Hibs 20 iyul kuni Olmoniya markazidagi Kassel shahri yaqinida amalga oshirilgan.

Federal prokuratura idorasidan bildirishlaricha, hibsga olingan shaxsning ismi Umid va u ekstremist veb-saytda 60 tacha xabar va video e‘lon qilgan.

Prokurorlarga ko‘ra, hibsga olingan shaxs faoliyatining maqsadi "Internetga tashrif buyuradiganlarni radikallashtirish va zo‘ravonlikka mafkuraviy ruhlantirish" bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Olmoniyaning Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerida ham ikki gumondor qidirilmoqda.