Somaliga yordam agentliklari kirishlariga ruxsat berilmadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Somalidagi Al-Shabab islomiy guruhi BMTning ocharchilik borasidagi xabarlarini "tom ma‘noda propaganda" deya ta‘riflarkan, G‘arb yordam agentliklari faoliyatiga taqiqini bekor qilishdan bosh tortgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti chorshanba kuni Somalining ma‘lum qismlari 60 yil asnosidagi eng yomon qurg‘oqchilik tufayli kelib chiqqan ocharchilikdan aziyat chekayotganini aytgandi.

"Al-Qoida" bilan aloqador ko‘rilgan Al-Shabab guruhi mamlakatning katta qismini nazorat qiladi. Al-Shabab yordam tashkilotlarini siyosiy faoliyatda ayblaydi.

Aksar G‘arb ko‘mak agentliklari 2009 yil Al-Shabab tahdidlari ortidan Somalini tark etishgan.

Mamlakatda hatto BMT Jahon Oziq-ovqat Tashkiloti faoliyati ham taqiqlangan. Tashkilot Somalidagi ocharchilikka yuz tutgan minglab bolalarga yordam berish uchun poytaxt Mogadishuga havodan oziq-ovqat tashlashni rejalamoqda.

Aytilishicha, Sharqiy Afrika bo‘ylab 10 million kishi oziq-ovqat yordamlariga muxtoj, biroq Somali hozirgacha eng ko‘p ziyon ko‘rgan mamlakatdir. Ayni paytda 20 yildan beri kechayotgan urushlar tufayli mamlakatda yordamlarni muvofiqlashtira oladigan milliy hukumat yo‘q.

Ayblovlar

Somalining ocharchilikni boshidan kechirayotgani aytilgan Bakul va Quyi Shabell mintaqalari Al-Shabab nazorati ostida va ko‘mak agentliklari xodimlari xavfsizligi yuzasidan xavotirlari bois u yerda faoliyatlarini qayta boshlashga ehtiyotkorlik qilishmoqda.

Al-Shabab voizi Ali Muhamud agar "yashirin kun tartiblari" bo‘lmasa, musulmonmi yoki yo‘qmi yordam agentliklari Somaliga qaytishlariga izn berilishi haqida aytgandi.

Buning ortidan Qo‘shma Shtatlar terrorchi tashkilot sifatida ko‘rilgan Al-Shabab nazoratidagi hududlarga oziq-ovqat yordamlarini kiritishga taqiqini bekor qilishini bildirgan.

Ammo, payshanba kuni Mogadishuda jurnalistlarga gapirgan Ali Muhamud: "Biz ma‘n etgan agentliklar faoliyati hamon taqiqlangan. Ushbu agentliklar siyosiy ishlarga aralashishgan", deb aytdi.

U mamlakat qurg‘oqchilikni boshidan kechirayotganini tan oldi, ammo ocharchilik haqidagi gaplarni "mutlaqo safsata, 100 foiz asossiz va butunlay propaganda", deya ta‘rifladi.

"Somalida qurg‘oqchilik borligi va yomg‘ir kam yog‘ayotgani rost, ammo vaziyat ular tasvirlayotganchalik emas", deb aytgan Ali Muhamud.

Xalqaro Inqiroz guruhidan Somali bo‘yicha sharhlovchi Rashid Abdining aytishicha, Al-Shabab "keng ko‘lamli insoniy inqirozni nazorat qilayotgan" sifatida ko‘rilishini istamaydi.

Hozirda 166, 000dan ortiq somaliliklar qo‘shni Keniya va yo Efiopiaga qochib o‘tishgan.

Chorshanba kuni BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ocharchilikdan aziyat chekayotgan hududlar uchun kelasi ikki oyda 300 million dollarga ehtiyoj borligini aytgan.

"Bolalar va kattalar dahshatli bir ko‘rinishda hayotdan ko‘z yummoqda", deydi u.

Unga ko‘ra, Somali aholisining qariyb yarmi - 3. 7 million inson inqirozni boshidan kechirmoqda va ularning aksari janubiy mintaqalardandir.

Bu hududlar asosan Al-Shabab guruhi nazorati ostida.