Xitoydagi poyezd halokatiga "singnal tizimidagi nuqsonlar sabab"

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Poyezd halokati natijasida 39 inson halok bo‘lgan va 200 kishi jarohat olgan

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, tezyurar temir yo‘l tarmog‘ida ro‘y bergan halokatga signal tizimidagi jiddiy nuqsonlar sabab bo‘lgan.

Venchjou viloyati yaqinidagi vodiy uzra o‘tgan ko‘prikda bir poyezdning ikkinchisiga kelib urilishi natijasida 39 inson nobud bo‘lgan, 200 kishi tan jarohati olgandi.

Hodisa chaqmoq tufayli elektr ta‘minoti uzilishi ortidan yuz bergan.

Shanxay Temir yo‘l boshqarmasi rahbari An Lushengga ko‘ra, signal chirog‘i "yashildan qizilga o‘zgara olmagan".

Hodisa joyiga safar qilgan Xitoy Bosh vaziri Ven Jiabao mas‘ullarni "qattiq jazolash"ga so‘z bergan.

"Mamlakatning rivoji xalq uchun, shunday ekan, eng muhim narsa inson hayotidir", deb aytgan Bosh vazir muxbirlarga qarata.

Avvalroq, Ven janobalari tezyurar temir yo‘l tarmog‘ida xavfsizlikni yaxshilash tomon kerakli qadamlar tashlash va‘dasi bilan chiqqandi.

Bu hukumatning eng asosiy loyihalaridan biri bo‘lib, Xitoy taraqqiyotini ko‘z-ko‘z qilishiga umid qilinadi.

Shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi ro‘y bergan halokatda 6 vagon yo‘lidan chiqib ketgan va 4tasi 20-30 metrlik ko‘prik ustidan ag‘darib tushgan.

Hodisa mamlakatda tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilganidan bor-yo‘g‘i 4 yil o‘tib kuzatildi.

Temir yo‘l mutaxassislari xavfsizlik xavotirlari bois dunyodagi eng uzun va yuqori tezlikdagi ushbu tarmoqning rekord darajadagi muddatda barpo etilganidan ogohlantirishgandi.

Ammo, Yaponiyadagi 1964 yil ishga tushganidan beri jiddiy halokatlarga duch kelmagan o‘ta tezyurar poyezd tizimi misol qilib keltirilgan.

Omma g‘azabi

Ven janoblarining hodisa joyiga safari halokat yuzasidan aholi qahr-g‘azabi o‘sib borayotgan bir paytda kuzatilgan.

Internetdan foydalanuvchilar va jabrdiydalar yaqinlari hukumatning fojea bo‘yicha o‘rtaga chiqqan savollarga javob berishga mayl ko‘rsatmayotganidan g‘azablanishgan.

Ular hukumatni "takabburlik"da ayblashgan va halokatni xashpo‘shlashga urinilayotganiga oid shubhalar paydo bo‘lgan.

Rasmiylar tezlikda hodisaning matbuotda yoritilishini to‘xtatishga harakat qilishgan va asosiy mavzu "yirik halokat qarshisida o‘zaro mehr-muhabbat bilan turish" bo‘lishi kerakligini aytishgan.

Xitoy matbuotiga rasmiy tomonni savol ostiga olmaslik buyrug‘i berilgan.

Ammo, qator gazetalar temir yo‘l vazirligi tanqid qilingan maqolalar chop etishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ayrim jabrlanganlar, jumladan, 2 amerikalik va bir italiyalik yo‘lovchi, xabarlarga ko‘ra, tavon pulini rad etishgan va evaziga savollariga javob talab qilishgan.

Ayni paytda halokat Xitoyning tezyurar temir yo‘l texnologiyasini xorijga sotish ambitsiyalariga yirik zarbadir.