Afg‘oniston: Helmanddagi portlashda 18 inson nobud bo‘ldi

Politsiyaga ko‘ra, Afg‘oniston janubida joylashgan Helmand viloyatidagi yo‘l chetida yuz bergan portlash kamida 18 insonning umriga zomin bo‘lgan.

Viloyat markazi Lashkargohga ketayotgan kichik avtobus Nahr-i-Saraj mintaqasida bombaga duch kelgan.

Hayotdan ko‘z yumgan yo‘lovchilar orasida ayollar va bolalar ham bo‘lgani xabar qilinadi.

Yo‘l chetida bomba ko‘mib ketish Tolibonning NATO yetakchiligidagi kuchlarga qarshi odatiy kurash usulidir.

2011 yilning ilk olti oyi Afg‘onistonda urush boshlanganidan buyongi eng halokatli davr bo‘lgani aytiladi.

'Politsiya nishonga olgan'

Politsiya boshlig‘i o‘rinbosari Kamoliddin Sherzayga ko‘ra, politsiya hodisa joyiga yetib borgan.

"Biz portlash sahnasidan olgan xabarlarda avtobusdagi barcha 18 kishi nobud bo‘lganiga ishora qilindi", deydi u.

"Hozirgacha biz bir ayol va 3 erkakning jasadini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik", deya qo‘shimcha qilgan politsiya xizmati rasmiysi Kamoliddin Sherzay.

Uning aytishicha, isyonkorlar hodisa joyiga yetib borgan politsiya xodimlariga qarata o‘q uzishgan, ammo hech kim yaralanmagan.

Afg‘onistonda yillar davomida bu ko‘lamdagi insoniy talofatlar kuzatilmagandi.

BMT tomonidan yaqinda e‘lon qilingan hisobotga ko‘ra, joriy yilning yanvaridan iyunigacha 1, 462 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Bu o‘tgan yilning xuddi shu davridagiga nisbatan 15 foizga ko‘pdir.

Muxbirlarga ko‘ra, yo‘llar borgan sari Afg‘oniston urushidagi jabha chizig‘iga aylanib bormoqda.

O‘tgan yil 2, 400dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan. Yo‘l chetida ko‘milgan bombalar aksar o‘lim hollariga sabab bo‘lgandi.