O‘ruzgonda o‘ldirilgan BBC muxbiri Ahmad Umid Khpolvokni xotirlab...

Image caption Ahmad Umid Khpolvok bor-yo‘g‘i 25 yoshda edi

Afg‘oniston janubidagi O‘ruzgon viloyatida halok etilgan Ahmad Umid Xpolvok BBC Pushtun Xizmati muxbiri edi. BBC Jahon Xizmatining Kobul byurosi muharriri Dovud A‘zami hamkasbi haqidagi xotiralarini hikoya qiladi.

O‘ldirilgan kuni ertalab Umid BBC Pushtun Xizmati uchun xabar tayyorlagandi. Bu uning oxirgi xabari bo‘ldi.

"Aziz BBC tinglovchilari, - deb boshlagandi u o‘z xabarini, - men 1,700ta yangi uy-joy barpo etilayotgan tumandaman. Mahalliy odamlar hozir ishlari borligi va shaharchalari qayta qurilayotganini aytishadi".

O‘sha kuni kechroq Umid viloyat markazi Tarin Kotdagi radio va televideniye stantsiyasiga borgan. Umid u yerdan internetga kirish va radiolavhalarini kesish uchun foydalanardi.

"Agar o‘lsam, men uchun duo qil"

Xudkush hujumchilar va boshqa jangarilar hujumlarini boshlagan mahal u ichkarida bo‘lgan. Akasi qo‘l telefonidan u ikki marta xat yozganini aytadi. Birinchisi shunday edi: "Men yashirinib o‘tiribman. O‘lim keldi". Ikkinchisi: "Agar o‘lsam, men uchun duo qil".

Kechqurun Umidning yaqinlari uning janozasida ishtirok etishdi. Ular jasadga 11ta o‘q tekkanini aytishdi.

Ko‘plab afg‘on fuqarolari kabi u bexayr joyga bemavrid borib qolgandi va buning uchun hayoti bilan tavon to‘ladi.

Umid yaqinda uylangandi. Qizchasi bor-yo‘g‘i 3 oylik.

Umid endigina 25ga kirgandi, ammo hayoti davomida turli shiddatli voqea-hodisalarga guvoh bo‘lgan va bu hol uni haqiqiy yoshiga nisbatan anchayin ulg‘aytirib qo‘ygandi.

U juda odobli va nozik tabiatli edi. Uzoq sukut saqlab, suhbatdoshini tinglay olardi. Shu bilan birga u quvnoq edi, ajoyib hazillari bilan barchamizni kuldirardi.

Umid o‘limga har kuni guvoh bo‘lardi. Men insonning shu qadar notinch muhitda yashab turib ham o‘zini shunchalar baxtiyor tuta olishi mumkinligidan hayratlangandim.

U atrofida nimalar yuz berayotganidan yaxshi boxabar edi va o‘z dunyosini boshqalar bilan baham ko‘rardi.

Umid o‘z xabarlarini ehtiyotkorlik bilan, BBC printsiplarini nazardan qochirmagan holda, xolis, muvozanatni saqlab, aniq va to‘g‘ri uzatardi.

Image caption "Afg‘onistonga qachon tinchlik o‘rnatiladi, bilmayman. Bu mamlakatning muammolari ko‘p" Ahmad Umid Khpolvok

Uning xabarlari inglizzabon tinglovchilarga ham yetib borgandi. Maxsus dasturlardan birida u bir necha soat safar qilib, O‘ruzgon viloyati hokimini savolga tutgandi. Dastur xavfsizlik xavotirlari qayta qurish ishlarini barbod qilayotgani haqida edi.

"Siz Xudo emassiz"

Ba‘zan u menga qo‘ng‘iroq qilib, isyonkorlar qo‘mondoni ularning hujumi yoki qarashlari haqida xabar bermagani uchun tahdid qilgani haqida aytardi.

Boshqa paytlar mahalliy rasmiylar shikoyat qilishgandi.

Bu ikkimiz uchun ham qiyin edi. Esimda, bir gal u menga mahalliy jangarilar qo‘mondoni bilan telefonda tortishib qolgani haqida aytib bergandi.

Men undan tafsilotlarni so‘radim. U: "Men qo‘mondonga qo‘lidan kelganini qilishni aytdim. Siz Xudo emassiz, dedim", deya hikoya qilgandi.

Bir necha marta o‘zim Tolibon voizi va afg‘on rasmiylariga qo‘ng‘iroq qilib, qonun-qoidalarimiz va ko‘rsatmalarimizni tushuntirishimga va nimadir yoritilmay qolgani uchun muxbirlarimizni ayblashlari kerak emasligini tushuntirishimga to‘g‘ri kelgan.

Umid Afg‘onistonda o‘ldirilgan uchinchi BBC muxbiridir. Mirvays Jalil 1990 yillardagi ichki urushlar payti halok etilgandi. Abdul Samad Ruhoniyni uch yil muqaddam Helmand viloyatida noma‘lum qurollilar o‘ldirib ketishdi.

Bir necha oygina burun men Vashingtondagi yangiliklar va jurnalistika muzeyini borib ko‘rgandim. U yerda marhum jurnalistlar xotira burchagi bor.

Boshqa hamkasblar qatorida Abdul Samad Ruhoniyning nomiga ham ko‘zim tushgandi. Va men tez orada Umidning ham ismi bu yerga tirkalishini xayolimning bir chetiga ham keltirmagandim.

Uning ortidan ota-onasi, rafiqasi va chaqaloq qizi, akasi va uch singlisi qoldi...