Suriya tanklari Hama shahrini yana bombardimon qilmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Suriyadagi aksar hodisalar singari Hamadagi voqealardan ham Youtubega qo‘yilgan videolar orqali ko‘pchilik boxabar bo‘layapti

Suriyalik faollarning xabar qilishicha, Ramazon arafasida muxolifat namoyishchilariga qarshi qilingan hujumda yuzlab odamlar halok bo‘lgan.

Internetda "Suriya Inqilobi 2011" deya nomlangan guruh odamlarni yakshanba kungi Tarovih namozidan so‘ng ko‘chalarga chiqishga undagandi.

Suriya hukumati beshta askari o‘ldirilganini aytgan.

Suriyadan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari Xama shahrida aksilhukumat namoyishchilarini ikkinchi kun o‘qqa tutgan.

Bu haqda suriyalik faollar vam guvohlar shohidlik berishmoqda.

"Asoshieyted Press" axborot agentligi Hamadagi faol Umar Hamaviyning tungi pala-partish otishmalardan so‘ng bugun tongda tanklardan o‘t ochilgani haqidagi so‘zlarini keltiradi.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, bugun Hamada yana to‘rt namoyishchi o‘ldirilgan.

Suriya xavfsizlik kuchlari yakshanba, Ramazon arafasi kuni aksilhukumat namoyishlari to‘xtamayotgan Hamada, faollarga ko‘ra, 130 kishini o‘ldirgan.

"Hamani har tarafdan, har xil qurollardan o‘qqa tutishayapti. Og‘ir qurollardan. Bombalar, zambaraklar, pulemyotlar. Odamlar shaharni himoya qilish uchun barrikada yasalgan ballonlarni yoqishayapti", - deb aytgan hamaliklardan biri.

Hama va boshqa shaharlardagi so‘nggi zo‘ravonliklarda halok bo‘lganlarning aniq soni ma‘lum emas, ammo kechagi Ramazon arafasi Suriya isyoni boshlanganidan buyon eng qonli kun bo‘lgan.

Prezident Barak Obama Suriya hukumatining o‘z xalqiga qarshi shafqatsizligidan dahshatga tushganini aytgan.

U Prezident Asadni ixotalab qo‘yish uchun barcha choralarni ko‘rishini aytgan.

Suriyaga qo‘shni Turkiya hukumati voizi muqaddas Ramazon oyi arafasidagi voqealardan qayg‘uda ekanliklarini aytgan.

Olmoniya BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘inini o‘tkazishga chaqirgan.

Harbiy aralashuv ehtiyoji

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Arab davlatlari doxil, xalqaro hamjamiyat Suriya hukumatiga ko‘proq bosim o‘tkazishi kerakligini aytdi.

"Biz kuchli xalqaro bosimni ko‘rishni istaymiz. Tabiiyki, bu bosim ta‘sirli bo‘lishi uchun faqat G‘arb bilan cheklamasligi kerak. Bu Arab davlatlarini ham o‘z ichiga olishi kerak", degan Britaniya Tashqi ishlar vaziri.

Ammo janob Xeyg Suriyaga qarshi Birlashgan Millatlar tomonidan dastaklangan harbiy amaliyot ehtimoli yo‘qligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi vaziyat Liviyadan farqli, jumladan, Arab Ligasi Suriyaga harbiy aralashuvga chaqirayotgani yo‘q.

Janob Xeyg Suriya hukumatiga qarshi qo‘shimcha jazo choralari joriy etilishi kerakligini aytdi.

Suriya hukumati mamlakat bo‘ylab zo‘ravonliklarda o‘zining besh nafar askari halok bo‘lganini aytgan.

Hukumatga ko‘ra, armiya Hamaga ko‘chalarni barrikadalardan tozalash uchun yuborilgan.

Ammo Damashqdagi AQSh elchiligi bu xabarni "bema‘ni" deb atadi va Hamadagi voqealarni Suriya hukumatining o‘z xalqiga qarshi keng miqyosdagi urushi, deya tasvirladi.