Avstraliya ortga qaytarilgan muhojirlarni Youtubeda namoyish etmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи b
Image caption O‘z hayotini xavfga qo‘yib ko‘p boshpana izlovchilar Avstraliya sohillariga intiladilar

Avstraliya rasmiylari mamlakatga kelayotgan noqonuniy muhojirlar oqimini to‘xtatish maqsadida qo‘lga olingan va ortga qaytarilgan muhojirlar tasvirlarini Youtube internet sahifasida e‘lon etishga qaror qilgan.

Rasmiylar fikricha, bu narsa Avstraliyadan boshpana topish maqsadida qit‘aga otlanayotganlarni yo‘lidan qaytaradi.

Ular Avstraliyaning Kristmas orolidagi muhojirlarni tutib turish markaziga kelayotgan muhojirlarni videoga olishadi, keyin esa bu odamlarning Malayziyaning Kuala Lumpuriga uchayotgan uchoqqa chiqayotganlari va Kuala Lumpurdagi jamloqlarga joylashtirilishi namoyish etiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, Avstraliya dunyodagi jami boshpana izlovchilarning 0,5 foizdan kamrog‘ini qabul qilib oladi.

Biroq boshpana izlovchilar Avstraliyadagi siyosiy nozik masalalardan biriga aylangan.

Yaqinda Avstraliya hukumati Malayziya bilan Avstraliyaga noqonuniy kirgan 800 muhojirni qabul olish bo‘yicha bitim imzolagan.

Bunga javoban Avstraliya so‘nggi to‘rt yil mobaynida ro‘yxatga olingan 4000 muhojirni qabul qilib olishga rozi bo‘lgan.

Inson huquqlarini himoya qilish guruhlari ushbu kelishuv uchun Avstraliya hukumatini tanqid qilmoqdalar, boisi Malayziya BMTning qochqinlar haqidagi qonventsiyasini imzolamagan mamlakat va muntazam boshpana izlovchilarga yomon muomala ko‘rsatiladi.

Bundan oldin ham Avstraliya hukumati boshpana izlovchilarni ortga qaytarish maqsadida turli videolarni e‘lon qilgan.

Bu videolarda o‘z hayotini xavfga qo‘yib ushlangan yoki dengizda halok bo‘lgan insonlar aks etgan.

Endi birinchi marta Avstraliyadan chiqarib yuborilayotgan haqiqiy boshpana izlovchilarning yuzlari xiralashtirilib namoyish etiladi.

Bu videolarni Youtubeda sakkiz tilda qo‘yishga qaror qilingan, bular asosan Eron, Afg‘oniston, Shri-Lanka va Iroq fuqarolariga mo‘ljallangan.