Rossiya Ichki ishlar vaziri barcha maktab va bog‘chalarni tekshirishga buyruq berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Rossiya politsiyasi maktab va bolalar bog‘chalarini tekshirishni boshlagan

Komsomolsk-na-Amure shahridagi bolalar bog‘chasida qo‘lbola portlovchi modda portlashi ortidan Rossiya Ichki ishlar vaziri barcha maktab va bog‘chalarni tekshirishga buyruq bergan.

Huquq-tartibot organlariga ko‘ra, bolalar bog‘chasiga yuborilgan quti sovg‘a lentasi bilan o‘ralgan bo‘lgan, qutini besh yashar qizaloq ochganida portlab ketgan.

Rasmiylarga ko‘ra, portlovchi modda qisman portlagan va jarohatlar olgan qizcha shifoxonaga yotqizilgan.

Shifokorlar qizchaning ayniqsa qo‘llari va ko‘zlari ko‘p kuyganini aytganlar.

Qizchaning ahvoli o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat olgan, deb tashxislangan.

Tergovchilar aytishlaricha, portlovchi moddaning kuchi 7 gramm trotil moddasiga teng bo‘lgan, biroq to‘la portlamagan.

"Portlovchi moddaning ichiga metall simlari bo‘laklari va mixlar ham solingan", deb aytgan Xabarovsk o‘lkasi politsiyasi rahbarlaridan biri general-mayor Andrey Sergeyev.

Xabarlarga ko‘ra, portlash yuz bergan paytda qizchaning oldida yana bir necha bola hamda bolalardan birining onasi bo‘lgan.

Huquq-tartibot organlariga ko‘ra, Komsomolsk-na-Amure shahrida istiqomat qilgan 27 yoshli shaxs hibsga olingan va u ushbu hujumni uyushtirganini tan olgan.

Shundan so‘ng Ichki ishlar vaziri Rossiyadagi barcha maktab va bolalar bog‘chalarini tekshirish buyrug‘ini bergan.