Londondagi g‘alayon ortidan talon-tarojlik shahar bo‘ylab tarqalgan

Фото муаллифлик ҳуқуқи 1
Image caption Ikkinchi tundirki davom etgan tartibsizliklarda qator do‘konlar talon-taroj qilindi

Britaniyada politsiya Tottenhem mavzesidagi g‘alayon va tartibsizliklar ortidan Londonning turli qismlarida yuzaga kelgan "jinoiy amallar"ni qoralagan.

Ikkinchi kundirki davom etgan zo‘ravonliklarda politsiyachilar hujumga olinishi, politsiya avtomobillariga shikast yetkazilishi va London bo‘ylab do‘konlar talon-taroj qilinishi ortidan 100dan oshiq inson hibsga olingan.

Tartibsizliklar London shimolidagi Enfild, Uoltomstou va Uoltam Forest, hamda London janubidagi Brikston mavzelariga tarqagan.

Ikki tun davomida 35 nafarcha politsiyachilar yaralangan.

Uch zobit Uoltam Forestda gumondorlarni hibsga olishga urinayotganlarida, ularga avtomobil kelib urilishi natijasida jarohat olganlar.

Yakshanba oqshomida Enfildda do‘konlar derazalari sindirilib, politsiya avtomobillariga shikast yetkazilar ekan, to‘qnashuvlar yuzaga kelgan.

"Yangi krossovkalar" London janubidagi Brikston mavzesining Koldxarbor Leyn va Hay Strit ko‘chalarida 200ga yaqin o‘smir va yoshlarning do‘konlarni talab, politsiyaga hujum qilayotgani habar qilingan.

Londonning Metropolitan politsiyasi London bo‘ylab qator "nusxalangan jinoiy amallar"ga qarshi chora ko‘rganini bildirdi. Jumladan:

Soat tungi 00:45da Uoltam Forestda avtomobil zarbasidan uch politsiya zobiti jarohat olgan.

Uoltomstou va Uoltam Forestda 30dan oshiq yoshlar qator do‘konlarni talon-taroj qilganlar.

London markazidagi Oksford Serkus hududida 50dan oshiq yoshlar buzg‘unchilik qilganlar.

London shimolidagi Izlington tumanida politsiya avtomobili hujumga uchragan.

Ponders End ko‘chasida Tesko supermarketi hujumga olinib, talon-taroj qilingan.

Metropolitan politsiyasi qo‘mondoni Adrian Xanstok bu odamlar qandaydir mahallaning roziligi bilan norozilik izhor qilayotgan guruhlar emasligini aytdi.

"Bu shaxslar mahallalar, bizneslar, insonlarning mol-mulki va uylariga hujum qilib, o‘ta yirik ko‘lamda hafagarchilikni keltirib chiqarayotgan odamlar," dedi u.

London hokimi muovini Kit Moltxaus o‘ta larzaga kelganini bildirdi.

"Aftidan bu shaharda, afsuski, zo‘ravonlikni istagan, boshboshdoqlik hissini keltirib chiqarish uchun o‘g‘irlash va binolarga o‘t qo‘yishga qaror qilgan odamlar bor. Ular anarxistlar, uyushgan jinoyatchilar, yoki, to‘g‘risini aytganda, yangi krossovkalarni istab qolgan o‘smirlar bo‘lishi mumkin," dedi u.

Ilk g‘alayon shanba kuni undan ikki kun avval politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan gumondor, 27 yoshar Mark Daggen o‘limidan norozi namoyishlar bilan boshlangan.