Saudiya Arabistoni Suriyadagi elchisini qaytarib olmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Hukumat ishg‘oliga qaramay, Suriyada namoyishlar davom etmoqda

Saudiya Arabistoni Suriyaning aksil-hukumat namoyishchilarni o‘ldirishiga norozilik sifatida Damashqdagi elchisini qaytarib olayotganini bildirgan.

Podshoh Abdulloh Suriyadagi zo‘ravonlik "nomaqbul" ekanini aytgan va kech bo‘lmasidan uning to‘xtatilishiga chaqirgan.

Bu Saudiya Arabistonining o‘tmishda Suriyaga bergan dastaklariga zid ravishda Prezident Bashar al Assadga qo‘yilayotgan xalqaro bosimning keskin oshishini anglatadi.

"Har qanday aqli raso arab, musulmon yo boshqa inson biladiki, bu vaziyatning din yoki ahloqqa aloqasi yo‘q. Begunoh insonlarning qonini, qanday sabablar bilan bo‘lmasin, to‘kish hech kimni umidvor qilmaydi," deyiladi al Arabiya Saudiy satellit kanalida yangragan bayonotda.

"Suriyada yuz berayotgan voqealar Saudiya Arabistoni uchun nomaqbuldir," deyiladi unda. "Suriya kelajagi uchun ikki tanlov bor: u yo oqilona yo‘lni tanlaydi, yoki boshboshdoqlik va yo‘qotishlar domiga tortiladi."

Podshoh Abdulloning chaqirig‘idan bir necha soat avval Arab Ligasi ilk marta zo‘ravonliklarni qattiq qoralab rasmiy bayonot chiqargan.

Talafot ko‘lami

Suriyalik faollarga ko‘ra, yakshanba kuni armiya mamlakat sharqi va markazida harbiy amaliyotlarni o‘tkazar ekan, 80dan oshiq inson halok bo‘lgan.

Ular tanklar va qurolli mashinalar bilan jihozlangan askarlar Deyr al Zur shahriga bomdod namozi chog‘ida bostirib kirganlarida 50dan oshiq inson nobud bo‘lgan.

Shahar yashovchilaridan biri Bi-bi-siga tanklar shahardan chiqib ketgani, biroq ular qaytishi mumkinligidan havotirlar borligini aytgan.

Homs shahri yaqinidagi Hulada 10 yoshar bola doxil 26 kishi halok bo‘lgan. Shimoli-g‘arbdagi Idlibda ham talafotlar xabar qilingan.

Namoyishlarni uyushtiradigan va hujjatlashtiradigan Mahalliy Muvofiqlashtirish Qo‘mitalari quyosh botishi ortidan minglab namoyishchilar Damashq va uning atroflari, Homs, Aleppo, Latakiya va boshqa shaharlar va qishloqlar ko‘chalariga yog‘ilib chiqqanlar.

Faollarga ko‘ra, qo‘zg‘olonlar mart oyi o‘rtasida boshlanganidan beri kamida 1700 oddiy fuqaro o‘ldirilgan, o‘n minglab odamlar hibsga olingan.

Suriyaga xorijiy jurnalistlarning kiritilishi keskin cheklangan, shunday ekan guvohlar va faollarning ko‘rsatmalarini mustaqil tarzda tasdiqlash juda qiyin.

Prezident Assad hukumat islohotlarni amalga oshirayotganini urg‘ulaydi. U zo‘ravonliklarda xorijiy kuchlar tomonidan dastaklangan "qurolli terrorchi guruhlar"ni ayblaydi.